16:57 / 11.03.2024
14230

Orban Tramp Rossiyaga qarshi kurashga «sariq chaqa» ham sarflamoqchi emasligini aytdi

Yaqinda Donald Tramp bilan uchrashgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban sobiq prezidentning Ukrainaga munosabati tafsilotlaridan xabardor ekanini ma’lum qilgan. U Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonadigan taqdirda, AQSh Ukrainaga pul berishni to‘xtatishi hamda «urush tugashi» haqida gapirdi.

Foto: Getty Images

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Donald Tramp AQSh prezidentligi uchun saylovlarda g‘olib bo‘lsa, Ukrainaga harbiy yordam sifatida «biror sent» ajratmasligini ma’lum qildi.

Orbanning so‘zlariga ko‘ra, harbiy yordam to‘xtatilishi urushni to‘xtatishga yordam beradi.

«Uning juda aniq nuqtayi nazari bor va unga qo‘shilmasdan bo‘lmaydi, — degan Orban mahalliy Magyar Nemzet gazetasiga bergan intervyusida. — U shunday deydi: birinchidan, u Ukraina-Rossiya urushi uchun sariq chaqa ham bermoqchi emas. Shuning uchun urush ham tugaydi — axir Ukraina mustaqil dosh bera olmasligi aniq. Va agar amerikaliklar yevropaliklar bilan birgalikda pul va qurol bermasa, unda urush yakunlanadi. Agar amerikaliklar pul bermasa, unda yevropaliklarning o‘zi bu urushni moliyalashtira olmaydi. Va shunda urush nihoyasiga yetadi».

Orban, katta ehtimol bilan Trampning fikrini nazarda tutgan holda «agar yevropaliklar rossiyaliklardan qo‘rqsa yoki umuman yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlamoqchi bo‘lsa, unda buning uchun o‘zlari to‘lashi kerakligi» haqida gapirgan.

«Yoki o‘z armiyasini va o‘z texnikasini yaratsin, yoki, agar buning uchun amerikaliklardan foydalanmoqchi bo‘lishsa, ular xavfsizlik uchun amerikaliklarga to‘lashsin», — degan Orban.

Demokrat prezident Jo Baydenning ma’muriyati, xuddi Yevropa Ittifoqi va ittifoq a’zolari bo‘lgan yirik davlatlar rahbariyati kabi — «harbiylashgan», degan u va shunday qo‘shimcha qilgan: «Donald Tramp tinchlik tarafdori, Vengriya ham tinchlikni yoqlaydi. Asosiy farq shunda».

Orban Tramp hali saylovlarda g‘alaba qozonmagan bo‘lsa-da, uning tarafdorlari bo‘lgan respublikachilar partiyasi a’zolari kongressda allaqachon demokratlarga urushni moliyalashtirishga xalaqit berayotganini qayd etgan.

Putinning do‘stlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida bir necha bor iliq fikrlar bildirgan Tramp bir kun ichida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtata olishi haqida aytgan. Ammo u buni aynan qanday yo‘l bilan amalga oshirmoqchi ekaniga oydinlik kiritmagan.

Bu vaqtda Trampning Kongressdagi tarafdorlari Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini bloklashda davom etmoqda.

Orban esa Yevropa ittifoqiga a’zo mamlakatlar rahbarlari orasida Putinni qo‘llab-quvvatlovchi yagona prezident bo‘lib qolmoqda.

U ham bir necha bor Ukrainaga yordam ko‘rsatilishiga qarshiligini bildirgan va o‘tgan oyda Yevroittifoqning Kiyevga keng ko‘lamli moliyaviy yordam paketi ajratish to‘g‘risidagi qarorini bloklagandi. Vengriya faqat Yevroittifoqning qolgan yetakchilari maxsus sammitda Orbanga uning bu boradagi pozitsiyasiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirishganidan keyin o‘z vetosini bekor qilishga rozi bo‘ldi.

Viktor Orban 8 mart kuni Donald Tramp bilan uning Floridadagi qarorgohida uchrashgan. Uchrashuvdan keyin Orban Twitter sahifasida shunday yozgan: «Bizga butun dunyoda hurmatga sazovor va tinchlikka erisha oladigan yetakchilar kerak. Va u (Tramp) — aynan shunday odamlardan biri. Qayting va bizga tinchlikni qaytaring, janob prezident». Tramp esa o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Orbanni «ajoyib yetakchi» deb atagan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top