Jahon | 11:13 / 12.03.2024
10905
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu film bo‘lmasligini istardim» - Mariupol haqidagi hujjatli film «Oskar» oldi

Mstyslav Chernov / AP / Courtesy of Sundance Institute

Ukrainalik jurnalist Mstislav Chernov tomonidan ishlangan «Mariupolda 20 kun» filmi yilning eng yaxshi to‘liq metrajli hujjatli filmi deb topilib, «Oskar» bilan taqdirlandi.

Mazkur hujjatli film Rossiya va Ukraina urushi ramzlaridan biriga aylangan Mariupolda bosqinning ilk haftalarida bo‘lib o‘tgan voqealar haqida hikoya qiladi. Tarkibida rejissyor Mstislav Chernov, fotosuratchi Yevgeniy Maloletka va prodyuser Vasilis Stepanenko ham bo‘lgan Associated Press muxbirlari jamoasi 20 kun davomida Rossiya qo‘shini qamalidagi shahar hayotini tasvirga olishgan. 

Ular ko‘chalar, shifoxona, bombardimon qilingan tug‘uruqxonada o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lgan va tasvirga olishga ulgurgan kadrlarini hujjatli filmga aylantirishgan.

Kartina rejissyori Los-Anjyelesdagi tadbirda mukofotni qabul qilish vaqtida ta’sirli nutq so‘zladi.

«Bu Ukraina tarixidagi ilk «Oskar». Bu men uchun sharaf. Ammo, katta ehtimol bilan, men bu sahnada turib «Bu film bo‘lmasligini istardim» deb aytayotgan ilk rejissyorman. Men bu mukofotimni Rossiya hech qachon Ukrainaga hujum qilmasligi, hech qachon shaharlarimizni egallab olmasligi, o‘n minglab ukrainlarni o‘ldirmasligi, fuqarolarimiz va o‘z yerini himoya qilayotgan askarlarimizni asirlikda ushlab turmasligi uchun berib yuborgan bo‘lardim.

Ammo men tarixni, bo‘lib o‘tgan ishlarni o‘zgartira olmayman. Ammo biz barchamiz birgamiz. Siz [tadbirda jam bo‘lgan kinematografistlar] — tarixdagi eng iste’dodli insonlarsiz. Biz tarix to‘g‘ri yozilishiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Va haqiqat tantana qiladi. Va Mariupoldagi odamlar hamda o‘z jonini fido qilganlar hech qachon unutilmaydi. Filmlar xotiralarni, xotiralar esa tarixni shakllantiradi. Barchaga rahmat, Ukrainaga rahmat. Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin!»

Mavzuga oid