AQShda TikTok taqiqlanishi mumkin
Vakillar palatasi Xitoyga tegishli TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
AQSh Kongressining Vakillar palatasi TikTok ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasidan ajratilmasa, mamlakatda undan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar berdi CNN.
Qonun loyihasi ByteDance kompaniyasiga TikTok platformasini sotish uchun besh oy muxlat beradi. Agar bu bajarilmasa, ilova do‘konlari TikTok’ni olib tashlashi kerak bo‘ladi. Biroq ilovani o‘rnatganlar undan foydalanishda davom etishi mumkin, faqat u yangilanmaydi.
Vakillar palatasi TikTok milliy xavfsizlikka tahdid soladi, deb hisoblamoqda, chunki Xitoy hukumati ByteDance kompaniyasini amerikalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini berishga majbur qilishi mumkin.
ByteDance kompaniyasi Vakillar palatasi qarorini ma’qullashi kerak bo‘lgan AQSh Senati «faktlarni ko‘rib chiqishi, o‘z saylovchilarining fikrini tinglashi va iqtisodiyotga ta’sirini tushunishiga» umid qilayotganini bildirdi. Kompaniyaning aytishicha, ilovadan 7 million kichik biznes vakili va 170 million amerikalik foydalanadi.
Avvalroq, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin Qo‘shma Shtatlarni TikTok’ni «yo‘qotishga» urinishda ayblab, milliy xavfsizlikka tahdidlar haqida hech qanday dalil taqdim etilmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq Qo‘shma Shtatlarning o‘ziga «muqarrar ravishda qaytadi».
Qo‘shma Shtatlarda TikTok’ni taqiqlash g‘oyasini sobiq prezident Donald Tramp 2020 yilda bildirgan edi. Shuningdek, u har qanday Amerika kompaniyasining ijtimoiy tarmoqni sotib olishiga qarshi chiqdi. Biroq, Vakillar palatasida ovoz berish jarayonidan bir hafta oldin u TikTok’ni taqiqlash qarorini «murakkab» deb atadi va bundan «xalq dushmani» deb hisoblaydigan Facebook foyda olishini ta’kidladi.
2022 yil dekabrida, Jo Bayden prezidentligi davrida AQSh Senati Xitoy hukumatiga ma’lumotlarni uzatishdan cho‘chib, hukumat xodimlariga federal hukumat elektron qurilmalarida TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlagan edi.
TikTok Xitoy rasmiylari bilan ma’lumotlar almashishni bir necha bor rad etgan. Kompaniya vakillari, agar hukumat so‘rasa ham bunday ma’lumotni baham ko‘rmasligini da’vo qilishmoqda.
Mavzuga oid
11:30 / 21.12.2024
Qo‘rqmas jangchi – Saddam Husaynning nabirasi amerikalik askarlarga qarshi qanday jang qilgandi?
19:29 / 20.12.2024
Reuters: Bayden administratsiyasi Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda
13:43 / 20.12.2024
O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralari rasman yakunlandi
22:32 / 18.12.2024