14:21 / 14.03.2024
7459

Toshkent aeroportida 2 qizni aldov yo‘li bilan Rossiyaga jo‘natmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

IIBB xodimlari tomonidan 2 nafar ayolning «odam savdosi» qurboni bo‘lishi oldi olindi.

Foto: IIBB axborot xizmati

O‘tkazilgan tezkor tadbirda qizlarni aldov yo‘li bilan Rossiyaga jo‘natayotgan shaxs Toshkent xalqaro aeroportda qo‘lga olindi.

Nazorat tadbiri davomida Yangiyo‘l tumanida yashovchi, «Bonu» taxallusi bilan tanilgan ayol, Toshkent va Xorazm viloyatida yashovchi, ikki nafar tengdoshi (qizlar)ni mo‘may daromad topadigan ish topib berishni va’da qilib, fohishalik bilan shug‘ullantirish maqsadida (Toshkent xalqaro aeroportidan Toshkent — Jukovskiy aviareysi orqali) Rossiyaga jo‘natayotgan vaqtida viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

2023 yil davomida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan «odam savdosi»ga qarshi kurash yo‘nalishida amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida viloyatda 15 nafar fuqaro odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan 19 nafar ayol va 3 nafar erkak jami 22 nafar shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Top