11:53 / 15.03.2024
4528

Surxondaryoda YTH sodir etib, odam o‘limiga sabab bo‘lgan sobiq profilaktika inspektori 2 yilga qamaldi

U hamkasbiga tegishli Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib ko‘chani kesib o‘tayotgan 26 yoshli yigitni urib yuborgan. Oqibatda fuqaro og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Foto: Videodan kadr Sevimli TV

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida YTH sodir etib, fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan sobiq profilaktika inspektoriga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 12 dekabr kuni Sho‘rchi tumani Joyilma mahallasida profilaktika inspektori bo‘lib ishlovchi shaxs hamkasbiga tegishli Cobalt’ni boshqarib ketayotib, Baxshitepa-1 mahallasi hududida velosiped yetaklab ko‘chani kesib o‘tayotgan fuqaroni urib yuborgan.

Oqibatda fuqaro og‘ir tan jarohatlari olgan va profilaktika inspektori uni shifoxonaga olib borgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan fuqaro shifoxonada vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudi hukmiga ko‘ra, sobiq profilaktika inspektori Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan. Unga 1,5 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etgan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish ortidan odam o‘limiga sabab bo‘lgan shaxslarga muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi belgilangan.

 

Top