11:45 / 15.03.2024
7099

Toshkentda mashina o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 15 yoshli o‘quvchi 3 yilga qamaldi

U darslarga bormagan va bir necha marta mashina o‘g‘irlagan.

Toshkentda mashina o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 15 yoshli maktab o‘quvchisiga hukm o‘qilgan. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Uchtepa tumanida 15 yoshli maktab o‘quvchisi mashina o‘g‘irlab qo‘lga tushgan. Sud majlisida o‘quvchi avval ham bir necha marta mashina o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgan.

Tafsilotlarga ko‘ra u uchinchi mashinani o‘g‘irlagach yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Mashina ustunga borib urilgan. O‘smir mashinani pachaq holida tashlab ketgan.

“Millar” dasturida efirga uzatilgan lavhada ayblanuvchining otasi so‘nggi o‘g‘rilik sodir bo‘lgan kuni o‘g‘li amakisi bilan janjallashib, uydan chiqib ketganini aytgan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan o‘quvchi Jinoyat kodeksining 267-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.

Sudya unga uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan. Jazoni axloq tuzatish koloniyasida o‘tashi belgilangan.

Top