12:20 / 19.03.2024
27616

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirildimi? - O‘zgidromet munosabat bildirdi

Atmosferaga sun’iy ta’sir o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlarni O‘zgidromet tasdiqlamadi. Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasidan O‘zbekistonda oxirgi marta 2005 yil foydalanilgan.

Foto: Kun.uz

Ob-havoning o‘zgarib turgani fonida O‘zbekistonda atmosferaga ta’sir qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zgidromet bu xabarlarni tasdiqlamasligini ma’lum qilib, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi O‘zbekistonda noqulay ob-havoga sababchi ekanini rad qildi.

Rasmiy munosabatda aytilishicha, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasidan O‘zbekistonda oxirgi marta 2005 yil bayram kunlarida qulay ob-havo sharoitlarini yaratish maqsadida foydalanilgan. Bu texnologiyaning asosiy vositalari xorijdan import qilingani sabab iqtisodchilar tomonidan ma’qul ko‘rilganda amalga oshiriladi.

Shuningdek, atmosferadagi o‘zgarishlar, ba’zan mavsumga xos bo‘lmagan turli ob-havo sharoitlari kuzatilishi bu dunyodagi iqlim o‘zgarishi natijasi ekanini yozgan iqlimshunos Erkin Abdulahatov.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish bilan bog‘liq atmosferaga ta’sir ko‘rsatish nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqada ham hali amaliy boshlanmagan (o‘tgan asrning 70-90 yillari inobatga olinmasa). Qor ko‘chishi oldini olish yoki bahor-yoz mavsumida do‘l yog‘ishi oldini olish uchun qo‘llanayotgan “Alazan” snaryadlarini havoga otish amaliyotlari bu havo oqimlari trayektoriyasini sezilarli o‘zgartirish kuchiga ega emas. Shu bilan birga iqlimshunos bu yo‘nalishda ilmiy sfera tomonidan chuqur ilmiy izlanishlar, mintaqa sharoiti, suv taqchillik prognozlari, iqtisodiyotidan kelib chiqib, turli uslubiyatlar ishlab chiqish ustida ishlanayotganini ham ma’lum qilgan.

Kelgusida mintaqaning tekislik hududlari, hatto tog‘ etaklari, tog‘larida ham sun’iy yomg‘ir va shunga o‘xshash boshqa atmosferaga ta’sir ko‘rsatish jarayonlariga ehtiyoj yuqori bo‘ladi. Albatta, bu jarayonlar mintaqada mamlakatlar kelishuvi, tinchlik yo‘lida amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha jahon miqyosida majburiyatlar mavjud”, – deb yozgan Abdulahatov. 

Top