09:10 / 19.03.2024
9041

YeI kengashi: Ukrainaga - 5 mlrd yevro, Rossiyaga - Navalniy tufayli sanksiyalar

YeI tashqi ishlar vazirlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlarni Ukraina foydasiga musodara qilish bo‘yicha kelishib ololmadi, chunki ular bunday qadamning huquqiy jihatlarini batafsil o‘rganmoqchi. 

Foto: Alexandros Michailidis/European Union

18 mart, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishining ikkita muhim qarori Yevropa tinchlik jamg‘armasi doirasida Ukrainaga harbiy yordam uchun qo‘shimcha besh milliard yevro ajratish, shuningdek, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha kelishuv bo‘ldi

«Biz Aleksey Navalniyning o‘ldirilishida aybdorlarga qarshi sanksiyalar qo‘llashga kelishib oldik. Bu - 30 nafar jismoniy va yuridik shaxs», - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

YeI davlatlari Ukraina uchun o‘q-dorilarni «o‘zi xohlagan joyda» sotib olishi mumkin 

Uchrashuvda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba onlayn tarzda ishtirok etdi. «Vazir Kulebani tinglaganimizdan so‘ng, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligi ma’lum bo‘ldi», dedi Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga yana besh milliard yevro ajratish to‘g‘risidagi qaror harbiy yordamni «oldindan taxmin qilish» imkonini beradi, unga qurol sotib olishni davom ettirish imkonini yaratadi va Ukraina qurolli kuchlari (UQK) uchun 2022 yil noyabr oyidan beri faoliyat yuritayotgan Yevropa Ittifoqining o‘quv missiyasi ishini qo‘llab-quvvatlaydi. 

«Ukrainaga yordam jamg‘armasi Yevropa mudofaa sanoatini rivojlantirish uchun emas, faqat Ukrainaga yordam berish uchun mo‘ljallangan», deb ta’kidladi Borrel jurnalistlarning savollariga javob berar ekan. Uning tushuntirishicha, «Ukraina uchun Yevropa Ittifoqidan tashqarida o‘q-dorilar sotib olmoqchi bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zo har bir davlat Yevropa tinchlik jamg‘armasidan tovon puli olish huquqiga ega». Shu bilan birga, Bryussel milliy hukumatlarga Ukraina qurolli kuchlari uchun snaryadlarni «o‘zi xohlagan joyda qidirishga ruxsat beradi: o‘z zaxiralaridan olish, Yevropa ishlab chiqaruvchilari yoki dunyoning istalgan mamlakati mudofaa korxonalaridan sotib olish». 

Borrel, shuningdek, Chexiya hukumatining Ukraina qurolli kuchlari uchun 800 ming o‘q-dori sotib olish tashabbusi orqali Ukrainaga yordam jamg‘armasi budjetidan snaryadlar uchun mablag‘lar bir qismini unda ishtirok etgan a’zo mamlakatlarga qaytarish uchun qonuniy ravishda foydalanish mumkinligini ta’kidladi.

Rossiya aktivlaridan olingan daromadlarni musodara qilish bo‘yicha hali konsensus yo‘q 

Yig‘ilish kun tartibidagi yana bir masala Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘larni musodara qilish bo‘ldi. «Gap daromadlarni musodara qilish haqida ketyapti, biz muzlatilgan kapital haqida gapirmayapmiz. Bizning vazifamiz ularni olib, Ukraina foydasiga ishlatishdir», - deya ta’kidladi Borrel. U aynan qaysi summa haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, faqat bu «katta» ekanligini ta’kidladi. 

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, daromadlarni musodara qilish vazirlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmasa-da, ayrim davlatlar «qonuniylik va moliyaviy oqibatlar»dan xavotirda. «Hech kim bunga qarshi bo‘lgan deb ayta olmayman, lekin ular huquqiy masalalarni o‘rganishni boshlash uchun aniq taklifni eshitishni xohladi», deb tushuntirdi Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, taklifni bir necha kun ichida taqdim etishni rejalashtirmoqda, u Yevropa komissiyasi bilan birgalikda muhokama qilinadi, a’zo davlatlar uni YeI sammiti oldidan o‘rganishi mumkin. Sammit 21-22 mart kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid
Top