21:43 / 21.03.2024
6166

Somali dengiz qaroqchilari yana faollashdi

Somalidagi jinoiy guruh a’zolari husiylarga global e’tibor qaratilayotganidan foydalanib, qaroqchilikka qaytgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: AFP/Getty Images

2014 yildan beri tinchib qolgan somalilik dengiz qaroqchilar Hind okeanidagi kemalarga yana hujum qila boshladi. Bu esa Qizil dengizdagi husiylar faoliyatidan zarar ko‘rgan yuk tashish bilan bog‘liq vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi. 

Somaliliklar noyabr oyidan beri kemalarga 20 dan ortiq hujum uyushtirgan, bu esa muhofaza va sug‘urta narxlarining oshishiga olib kelgan. Yevropa Ittifoqi harbiy dengiz kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, bu muddat ichida qaroqchilar kamida ikkita yuk kemasi va 12 ta baliq ovlash kemasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. 

Reuters bilan bog‘langan Somalidagi jinoiy guruh a’zolari husiylarga global e’tibor qaratilayotganidan foydalanib, qaroqchilikka qaytishga qaror qilishganini aytgan. 

O‘tgan hafta Hindiston harbiy-dengiz kuchlari somaliliklar tomonidan qo‘lga olingan Malta bayrog‘i ostidagi «Ruen» kemasini ozod qilishga erishdi. Kemadagi 35 qaroqchi qo‘lga olindi, 17 nafar garovga olingan kishi qutqarildi. Avvalroq Hind okeanining g‘arbiy qismida Bangladeshdan kelgan yuk kemasiga o‘nlab qaroqchilar hujum qilgan edi. Ekipaj avariya signalini yuborishga muvaffaq bo‘lgach, jinoyatchilar qochib qoldi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, yuk kemasi Somali yaqinida langar tashlagan. 

Afrikaning eng qashshoq mamlakati Somali eng gavjum dengiz yo‘llari yaqinida joylashgan: har yili u orqali Qizil dengiz va Suvaysh kanali tomon 20 mingta kema har xil yuklar bilan o‘tadi. Ekipajlar bilan kemalarni egallab, ular uchun to‘lov talab qilgan somalilik qaroqchilarning faoliyati 2008-2014 yillar oralig‘ida jahon iqtisodiyotiga milliardlab dollar zarar yetkazdi. Xalqaro dengiz byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2011 yilda somaliliklar kemalarga 237 ta hujum uyushtirgan. Oceans Beyond Piracy monitoring guruhi global iqtisodiyotga taxminan 7 milliard dollar zarar keltirganini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid
Top