13:00 / 21.03.2024
2629

Yevrokomissiya Ukrainaga 4,5 mlrd yevrolik transh o‘tkazdi

Pul Yevropa Ittifoqining Kiyevga 50 milliard yevro miqdoridagi yirik yordam paketidan ajratilgan. Makromoliyaviy yordam paketi Ukrainani tiklash, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan. 

Foto: Virginia Mayo/AP/dpa/picture alliance

Yevropa komissiyasi (YeK) Ukrainani tiklash, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 50 milliardlik makromoliyaviy yordam paketining bir qismi sifatida joriy yilda Ukrainaga 4,5 milliard yevro miqdoridagi birinchi transhni o‘tkazdi, deyiladi 20 mart, chorshanba kuni Yevropa komissiyasi matbuot bayonotida.

Hujjatda ta’kidlanganidek, ushbu mablag‘lar Ukrainaga ish haqi, pensiyalarni to‘lashni moliyalashtirishga yordam beradi va Rossiyaga qarshi mudofaa urushida «mamlakat g‘alabaga erishishga e’tibor qaratishi uchun» asosiy davlat xizmatlarini ko‘rsatishni ta’minlaydi. Press-relizda aytilishicha, bugungi kunda Ukraina rasmiy rejani taqdim etdi, u keyingi to‘rt yil davomida Kiyevga muntazam to‘lovlarni o‘tkazish uchun yo‘l ochdi. 

Fon der Lyayyen: «Ukraina uchun yaxshi kun» 

YeK raisi Ursula fon der Lyayyen Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal bilan uchrashuvdan so‘ng shunday dedi: «Bugun - Ukraina uchun yaxshi kun. Komissiya hozirgina Ukrainaga Ukraine Facility paketidan 4,5 milliard yevrolik birinchi transhni to‘ladi. Bu to‘lov moliyalashtirish ko‘rinishida Ukrainaga davlatni ushbu qiyin paytda ushlab turishda yordam berishda muhim rol o‘ynaydi». 

Shmixal Yevropa Ittifoqiga o‘z mamlakatiga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. «Rossiya hujumidan keyin ikki yildan ortiq vaqt mobaynida biz YeI va ushbu tashkilotga a’zo mamlakatlardan 88 milliard yevro oldik. Ukraina buni doimo yodda tutadi va qadrlaydi», dedi u. 

Top