15:53 / 23.03.2024
28369

G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyaga Xitoy va Rossiya veto qo‘ydi

AQSh BMT Xavfsizlik kengashiga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini kiritdi. Rossiya va Xitoy unga veto qo‘ygan bo‘lsa, Jazoir qarshi ovoz berdi.

Foto: Getty Images

BMT Xavfsizlik kengashida 22 mart, juma kuni AQSh tomonidan G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kiritilgan rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi.

Rezolyutsiya loyihasida «tinch aholini har tomondan himoya qilish, muhim gumanitar yordam ko‘rsatish va insonlar azobini yengillashtirish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi» ta’kidlangan. 

G‘azo sektoridagi urush bo‘yicha AQSh kursining o‘zgarishi

Qo‘shma Shtatlar taklif qilgan hujjat Vashingtonning kursi o‘zgarganini bildiradi. 2023 yil oktyabr oyidan beri Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik kengashida o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyalariga uch marta veto qo‘ygan. Biroq G‘azo sektorida tinch aholi qurbonlari soni ortib borayotgani va ocharchilik tahdidi fonida u Isroilga bosimni kuchaytirdi.

 BMTdagi rossiyalik diplomatlar Amerika rezolyutsiyasini tanqid qildi, chunki ularning fikricha, unda o‘t ochishni to‘xtatishga aniq chaqiriq yo‘q. Rasmiy Moskva matnni «ikkiyuzlamachilik» deb atadi.  

Isroilning bosh vaziri Binyamin Netanyahu asosiy ittifoqchisining qo‘llab-quvvatlovisiz ham Rafah shahriga quruqlik hujumini davom ettirishini aytgan. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, bunday amaliyot to‘g‘ri yechim emas.

Rasmiy Vashington o‘z pozitsiyasining o‘zgarishini HAMAS tomonidan garovga olingan 253 nafar isroillikning ozod etilishiga ko‘maklashish bilan izohlagan.

Rossiya va Xitoy loyihaga veto qo‘ygan bo‘lsa-da, 15 ta a’zoga ega kengashdagi 11 davlat uni yoqlab ovoz berdi. Jazoir qarshi ovoz berdi, Gayana esa betaraf qoldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi tomonidan rezolyutsiya qabul qilinishi uchun Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari – AQSh, Rossiya, Fransiya, Britaniya va Xitoy tomonidan veto qo‘yilmagan taqdirda, uning 15 a’zosidan kamida to‘qqiztasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari xalqaro huquq nuqtayi nazaridan majburiydir. 

Shu sababli otashkesimga chaqiruvchi yangi hujjat bo‘yicha ovoz berish dushanba kuniga qoldirildi. Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzia matnni «o‘ta siyosiylashtirilgan» deya tanqid qilib, unda Isroilning Rafahga rejalashtirgan hujumining oldini olish uchun hech narsa yo‘qligini aytdi. AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Rossiya va Xitoyning harakatlarini «chuqur beadablik» deb atadi.

Emmanuel Makron Fransiya tomoni muqobil rezolyutsiya ustida ish olib borishini aytdi.

«E’tibor qilish kerak bo‘lgan narsa shundaki, Qo‘shma Shtatlar o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va sulhni himoya qilish uchun iroda ko‘rsatdi. Uzoq vaqt davomida amerikaliklar jim bo‘lib kelayotgandi. Endi bu sukut yo‘qoldi», dedi Makron.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 31 ming 988 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Top