13:43 / 24.03.2024
17024

Dollar mustahkamlandi, Bitcoin narxi pasaydi – Xalqaro moliya bozori sharhi

Hafta davomida aksariyat qimmatbaho metallar o‘sish sur’atini taqdim etdi. Xususan, alyuminiy va oltin mos ravishda 30 dollar va 9 dollarga qimmatlashdi. Asosiy kriptolar kuchli va keskin o‘sishni amalga oshirganidan so‘ng korreksiyaga uchradi. Bitcoin 6,76 foizga, Ethereum esa 8,42 foizga arzonlashdi.   

Foto: Chris Ratcliffe/Bloomberg

Tugayotgan hafta muhim siyosiy voqealarga boy bo‘ldi. Federal zaxira tizimining (FZT) foiz stavkasiga doir qarori va kelgusi oylardagi prognozlari e’lon qilindi. Bunga ko‘ra, FZT navbatdagi yig‘ilishida foiz stavkasini o‘zgarishsiz, 5,5 foizda saqlab qoldi. Bunga sabab sifatida narx bosimining hali ham mavjudligi va iqtisodiyotning «yumshoq qo‘nish» ssenariysini amalga oshirish, ya’ni inflatsiyani 2 foiz ko‘rsatkichga olib kelishga hali ham uzoq yo‘l borligi aytib o‘tildi. Yaponiya Markaziy banki esa o‘zining «tajovuzkor» monetar siyosati, ya’ni 2016 yilda boshlangan salbiy foiz stavkalari davri muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi va stavka -0,1 foizdan 0-0,1 foizgacha ko‘tarildi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 18 martdan 22 martgacha bo‘lgan davrda Xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.       

AQSh top fond bozorlari indeksi:

S&P500 – 5234 (hafta boshidan +2,29 foiz, yil boshidan +9,74 foiz);

NASDAQ – 18339 (hafta boshidan +2,98 foiz, yil boshidan 9 foiz);

DJI – 39475 (hafta boshidan +1,97 foiz, yil boshidan +4,74

foiz).

AQSh fond indekslari FZT raisi Jyerom Povel  chiqishidan so‘ng o‘sishni davom ettirdi. Xususan, 500 ta eng yirik kompaniyalardan tarkib topgan S&P500 indeksi 177 punktga, NASDAQ indeksi 531 punktga,  Dow Jones indeksi esa 761 punktga oshdi.   

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin – 2164 dollar (hafta boshidan +0,42 foiz, yil boshidan  +4,95 foiz);
  • Kumush – 24,6 dollar (hafta boshidan -2,05 foiz, yil boshidan  +3,9 foiz);
  • Alyuminiy – 2300,8 dollar (hafta boshidan +1,33 foiz, yil boshidan -3,38 foiz);
  • Mis – 4 dollar (hafta boshidan -2,88 foiz, yil boshidan +2,84 foiz).

P.S: yuqorida qimmatbaho metallarning 1 unsiyasi narxi ko‘rsatilgan.

Qimmatbaho metallar turli yo‘nalishda harakatlanishdi. Masalan, alyuminiy va oltin mos ravishda 30 dollar va 9 dollarga o‘sgan bo‘lsa, kumush va mis 52 sent va 12 sentga arzonlashdi.

Neft

  • WTI – 80,74 dollar (hafta boshidan -0,28 foiz, yil boshidan +13,26 foiz);
  • BRENT – 85,52 dollar (hafta boshidan +0,3 foiz, yil boshidan +11,01 foiz).

Hafta davomida neftning WTI markasi 23 sentga arzonlashdi, BRENT esa 26 sentga qimmatlashdi.

Valutalar

  • USD/EUR:  -0,74 foiz (yil boshidan -2,09 foiz);
  • CNY/USD:   +0,47 foiz (yil boshidan +1,85 foiz);
  • TRY/USD:  -0,62 foiz (yil boshidan +8,29 foiz);
  • UZS/USD:   +0,2 foiz (yil boshidan +2,24 foiz);
  • RUB/USD:  -0,37 foiz (yil boshidan +3,11 foiz).

AQSh valutasi makroiqtisodiy ma’lumotlar ta’sirida boshqa valutalarga nisbatan mustahkamlandi. Yevro 0,74 foiz, Osiyo mamlakatlarining valutalari yuan va so‘m mos ravishda 0,47 foiz va 0,2 foizga zaiflashdi. O‘z navbatida, rubl 0,37 foizga lira esa 0,62 foizga ko‘tarildi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin – 63 865 dollar (hafta boshidan -6,76 foiz, yil boshidan +50,87 foiz);
  • Ethereum – 3336 dollar (hafta boshidan -3,55 foiz, yil boshidan +63,93 foiz).  

Asosiy kriptolar kuchli va keskin o‘sishni amalga oshirganidan so‘ng korreksiyaga uchradi. Bitcoin 6,76 foizga, Ethereum 8,42 foizga arzonlashdi.  

Bozorlar haqida qisqacha

FZT raisi Jyerom Povel stavka haqidagi qarorini e’lon qilganidan so‘ng o‘z nutqida kelgusi muhim ma’lumotlarni berib o‘tdi. Birinchi o‘rinda, AQShda iqtisodiy muhit yaxshilanishini va mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) kelgusi oylarda o‘sish tendensiyasiga egaligini prognoz qildi. Ammo mehnat bozorining biroz zaiflashish alomatlarini ham aytib, 2024 yilda ishsizlik darajasi prognozini avvalgi 4 foizdan 4,1 foizgacha ko‘tardi (joriy ko‘rsatkich 3,9 foizni tashkil etmoqda). Povell bunga hozirgi siyosatning risklari muvozanatlashmoqda deya izoh berib, mehnat bozorida talab hali ham taklifdan ancha ortiq va oylik maosh o‘sishda davom etayotganini ta’kidladi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 18 martdan 22 martgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.  

Top