08:05 / 26.03.2024
16068

Shavkat Mirziyoyev Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi 

Prezident ishsiz va ehtiyojmand insonlarga tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlash zarurligini aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari hamda iqtisodiy kompleks mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda Sayxunobod tajribasi asosida mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Har qarich yer qadrli.  Mirishkorlar yerdan foydalanishning hadisini olgan. Hunarmandchilik, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, mahallalarda ishsizlar, ehtiyojmandlar ham bor. Davlat rahbari bunday insonlarga alohida e’tibor qaratish, tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlash zarurligini aytdi. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak.

Shu bois mahallalarga hokimlik va barcha iqtisodiy idora xodimlari biriktirilmoqda. Ular xonadonlarda bo‘lib, imkoniyatlarini tahlil qiladi.

Masalan, tomorqasi bo‘lsa, undan samarali foydalanish, daromadini 60-70 million so‘mga olib chiqish bo‘yicha namuna yaratadi. Hunarmandlikka uquvi borlarga xomashyo, uskuna va aylanma mablag‘dan yordam taqdim etiladi. Tadbirkorlik istagi bo‘lsa, biznes loyihalar qilib beriladi.

Bunda, ayniqsa, tijorat banklari faol bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Ya’ni, ular, avvalo, o‘z mijozlari bo‘lgan korxonalar negizida qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishini qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Qolaversa, banklarga davlat tomonidan katta resurslar ajratilmoqda. Ular joylarda aholi tashabbuslariga yo‘naltirilib, bandlikka xizmat qilishi zarur.

Bu mablag‘lar yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha mahsulotlar, aholining xarid qobiliyati orqali oxir oqibat iqtisodiyotga tushum bo‘lib qaytadi.

 

Xonadonlarda kichik qayta ishlashlarni tashkil etish, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Tomorqalarda va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, eksport qilish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik orqali ro‘zg‘orlarga baraka kiritish mumkinligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid
Top