14:44 / 26.03.2024
18475

Tarixning yechilmagan 5 siri – nega ularni hali ham to‘la o‘rganib bo‘lmaydi?

Dunyoda hali to‘liq yechilmagan jumboqlar juda ko‘p. Masalan, ulkan tosh haykallardan iborat Pasxa orolidagi haykallar o‘tmishda nima vazifa bajargani, Peru cho‘llarida ishlangan minglab shakllarning tarixdagi o‘rni ham noma’lum.

Tosh haykallar siri

Yer yuzidagi eng chekka yashash joylaridan biri bo‘lgan Pasxa oroli, “moai” deb ataluvchi mingdan ortiq sirli, ulkan haykallari bilan mashhur. Pasxa oroli Tinch okeanining janubi-sharqidagi kichik orol, Chili davlatiga tegishli.

Pasxa oroli mahalliy aholi tilida “Rapa Nui” deb ham ataladi. Bu yerlarda minglab yil oldin mahalliy aholi “moai” deb ataladigan monolit toshlarini qo‘yishgan. Ular kashf etilganiga 300 yil bo‘lgan va hali ham olimlarni hayratda qoldirib keladi. 

Vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan kimyoviy birlikdan oddiy qo‘l asboblari bilan yasalgan monolitlar nimaningdir yordami bilan tosh platformaga o‘rnatilgan. Bu haykallarning maqsadi nima edi, odamlar qanday qilib bu og‘irlikdagi monolitlarni boshqa joyga ko‘chira olishgan? Bular savol ostida.

Pasxa oroli odamlarining aytishicha, bu haykallar harakatlana olgan. Ba’zi yozuvchilarning iddao qilishicha, “moai”larni faqat yo‘q bo‘lib ketgan sivilizatsiyalar yoki o‘zga sayyoraliklar joylashtirgan bo‘lishi mumkin. Ilmiy manbalar esa haykallar ramkalar yordamida ko‘chirib o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin degan fikrda.

Yaqinda arxeologlar Pasxa oroli aholisi aytgani to‘g‘ri bo‘lganini aniqladi: haykallarni yigirma chog‘li odam arqonlar yordamida bir tomondan ikkinchi tomonga siltab “yurgizishi” mumkin. Yevropa tadqiqotchilari kelishganda ko‘plab “moai”lar ag‘darilgan holatda bo‘lgan va ularning asl ma’nosi anglashilmagan. Ehtimol, urushayotgan tomonlar o‘rtasidagi kuch ramzi yoki diniy mazmunga ega tinchlikni aks ettiruvchi haykallar bo‘lishi mumkin.

Karnak toshlari

Fransiyaning Karnak qishlog‘ida joylashgan 3 mingdan ortiq toshlarning tarixi ham sirligicha qolmoqda. Yomg‘ir va shamollar ta’sirida egilganday ko‘rinish olgan bu toshlar 3 kmgacha cho‘zilgan, xuddi shohko‘cha tasvirini shakllantirib beradi. Garchi bu toshlar minglab yillardan beri bir joyda turgan bo‘lsa ham, ularning nega bu maqsadda joylashtirilganini hech kim tushuntirib berolgan emas.

Ushbu megalitlar Breton madaniyati to‘lqini ostida muqaddas deb tan olingan. Ularning yuzasiga qadimgi rimliklar o‘z xudolarini tasvirlashgan, keyinroq esa xristianlar o‘zlarining ramzlarini qo‘shishadi. Bir afsonaga ko‘ra, toshlar avliyo Karnelini quvgan askarlardir. Ular avliyo Karnelini quvib kelayotgan paytda avliyo ortiga o‘giriladi va askarlarni toshga aylantirib qo‘yadi, deyiladi afsonada.

Aslida esa megalitlarning tarixi Xristian dinidan ancha oldinroqqa, miloddan avvalgi 4,5 ming 2 ming yil oldingi davrga borib taqaladi. Lekin toshlarning paydo bo‘lish davri aniq bo‘lgani bilan ularning nima maqsadda bu shaklda joylashgani va umuman mavjudligi haqida biror ma’lumot yo‘q.

Buyuk ilon tepaligi

AQShning Ohayo shtatida joylashgan Buyuk ilon tepaligi tarixi ham noma’lum va sirli. U hayvon shaklida ishlangan eng katta tarixiy yodgorlik. Buyuk ilon tepaligining boshlanish qismi xuddi tuxum yutib yuborayotgan ilonga, tugashi esa gajak dum shakliga o‘xshab ketadi.

Yodgorlikning uzunligi 396 metr, eni 6-metr, balandligi esa 1-2 metrni tashkil qiladi.

Buyuk ilon tepaligining qachon paydo bo‘lgani haqida yakuniy xulosa yo‘q. Lekin uning mahalliy amerikaliklar madaniyati bilan bog‘liqligi bor. Shimoliy va janubiy Amerika madaniyatida ilonlar ulug‘lanadi, sudralib yuruvchilar kuch-qudratli deb hisoblanadi. Shundan kelib chiqilsa, o‘yma tepalikning ahamiyati ko‘rinadi.

Naska shakllari

Bundan ikki ming yilcha oldin janubi-g‘arbiy Peru cho‘llari hududiga mingdan ortiq shakllar ishlangan. To‘rtburchak, trapezoid, spiral, tor chiziq va ulkan mavjudotlarning tasvirlaridan iborat umumiy to‘plam Naska va Palpa shaharlari o‘rtasidagi qurg‘oqchil platolarning yuzlab kvadrat km hududini egallagan. 1920 yilda kashf etilgan bu shakllar keyinchalik ancha o‘rganishlarni talab etgan.

Bu belgilar Naska madaniyati gullab-yashnagan miloddan avvalgi 200 yildan milodiy 600 yillargacha chizilgan bo‘lishi mumkin. Ularda irrigatsiya chiziqlari, astronomik taqvim, Ink yo‘llari kabilar ham aks etgan.

El Dorado – oltin dardi

Ispan kashfiyotchilari 1500-yillarning boshlarida Janubiy Amerikaga kelib, El-Dorado haqidagi afsonani eshitishgan. And tog‘larida yerli Muisca xalqi yangi boshliqni boshidan oyoqqacha oltin changi bilan o‘rab, muqaddas ko‘lga oltin va zumradlarni uloqtirish orqali lavozimiga kiritar ekan.

Oltin ishqi bilan mast bo‘lgan ispan, nemis, portugal va inglizlar Kolumbiya, Gayana va Braziliyaning yovvoyi tabiatiga va boshqa istiqbolli ko‘ringan har qanday joyga ushbu afsonaviy xazinani qidirib borgan.

Vaqt o‘tishi bilan, El Dorado hikoyasi oltin bilan qoplangan vodiyga aylangan, faqat u kashf etilishini kutib turardi. El Doradoni topishga ishongan ko‘plab odamlar: ham mahalliy amerikaliklar, ham yevropaliklar shafqatsiz qidiruvlar natijasida hayotdan ko‘z yumgan. Biroq hech qachon xazina topilmagan.

Lekin afsonada ba’zi haqiqatlar bo‘lishi mumkin. Muisca hikoyasida tilga olingan ko‘l, ehtimol, Kolumbiyaning Bogotá yaqinidagi And tog‘larida joylashgan Laguna Guatavita ko‘li bo‘lishi mumkin. Ushbu suv havzasidan va yaqin atrofdagi boshqa biridan ba’zi oltin buyumlar va zargarlik buyumlari chiqarilgan, lekin ko‘lni tozalash va da’vo qilingan boyliklarni qayta tiklashga bo‘lgan urinishlar barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Guativata ko‘li

 

Mavzuga oid
Top