11:59 / 27.03.2024
29182

Hammasi birgina xato sabab – odamlarni tovuqxo‘rga, uy bekasini millionerga aylantirgan 500 tovuq hikoyasi

Bundan 100 yil oldin odamlar tovuqni bugungiday ko‘p iste’mol qilish imkoniyatiga ega emasdi. Tovuqlar fermalarda, asosan, tuxum yetishtirish uchun saqlangan, yeyish mumkin bo‘lgan tovuqlar esa ancha qimmat edi. Va shunday vaziyatda birgina xato tufayli Amerikada 50 mlrd dollarlik tovuq yetishtirish sanoatiga asos solindi. Shu xato sabab tovuq so‘zi parrandadan ko‘ra ko‘proq oziq-ovqat turi sifatida tasavvurlarga singib ketadi.

Foto: Shutterstock

Hammasi qanday boshlangandi?

Odamlar tovuq go‘shtini juda kam iste’mol qilgan, yeganda ham qimmatga sotib olishgan davrlarda bir xato tufayli butun Amerika qishloq xo‘jaligida muhim o‘zgarish sodir bo‘ladi. Bu davrda tovuqlar asosan tuxum yetkazib berish uchun boqilgan va odamlar yeganda ham qari yoki kasal tovuqlarni yo bo‘lmasa kamdan kam holatda qimmatga sotib olingan yosh tovuqlarni yeya olishgan.

Hammasi butunlay o‘zgarib ketishi Delaver shtatida yashovchi ayol Sisil Long Stil nomi bilan bog‘liq. Qishloq hududida yashovchi oddiy uy bekasi Sisil odatiy tarzda 1923 yilda tuxum yetishtirish uchun boqish maqsadida 50 ta tovuqqa buyurtma beradi. Biroq tovuq yetkazib beruvchi odamning xatosi tufayli 50 ta o‘rniga 500 ta tovuq yetkazib beriladi. Sisil Long Stil tovuqlarni qaytarib yubormaydi va ular uchun maxsus kataklar qurib semirtirishni boshlab yuboradi.

Sisil Stil

18 hafta ichida tovuqlar semirib broyler tovuqlar (go‘shti uchun yetishtirilgan) sifatida tayyor bo‘ladi. O‘shanda Sisilning 387 ta tovug‘i tirik qolib sotilishga tayyor holatga keladi va ayol ularni mehmonxona, restoranlarga sotadi. Ishi yaxshi bo‘lgani uchun ayol keyingi yili mingdan oshiq tovuqlarni boqishni boshlaydi. 1928 yilgacha tovuqlari sonini 30 mingga yetkazadi.

Sisil Long Stilning boshlagan ishi o‘sha davr qishloq xo‘jaligida yangi bir yo‘nalish - broyler tovuqlar ishlab chiqarishni, ya’ni tovuqlarni go‘shti uchun yetishtirishni boshlab berdi. Uning kashfiyoti, nafaqat Amerika qishloq xo‘jaligini, balki amerikaliklar diyetasini ham o‘zgartirdi. Tovuq go‘shti ommabop oziq-ovqat mahsulotiga aylanib, ko‘plab oilalarning dasturxonida mustahkam o‘rin egalladi.

Sisilning ishi va ko‘rayotgan foydasidan ilhomlangan odamlar ham broyler tovuq yetishtirishni boshlab yuborishdi. 1928 yilda faqatgina Sisilning tug‘ilib o‘sgan hududining o‘zida 500 dan ortiq tovuq yetishtiruvchi fermerlar bor edi.

Tovuqlar ortilgan yuk poyezdi. Delaver.

Shundan so‘ng amerikaliklar diyetasi tezlik bilan o‘zgarib boradi va tovuq go‘shti mol, qo‘y go‘shtlariga qaraganda ko‘p iste’mol qilinadigan sevimli go‘sht turiga aylanib ulguradi.

Sisil Long Stil esa muvaffaqiyat qozonib boyib ketgan bo‘lsa-da, uning baxtiyorligi uzoqqa cho‘zilmadi. Sisil 1930 yillarda yangi uy va yaxta sotib oladi. 1940 yilning oktyabrida Stillar oilasi o‘zlarining yaxtasida mehmonlar bilan sayohatga chiqishadi. O‘shandagi sayohatda yaxtaning tasodifiy portlashi sabab Sisil halok bo‘ladi.

Sisil Long Stil o‘limidan bir necha o‘n yil o‘tib, 1983 yilda tovuqchilik sanoatining tug‘ilishi sababchisi deb tan olinadi va Delaver ayollar shon-sharaf zaliga kiritiladi. Odatda, bu zal ro‘yxatiga turli yo‘nalishlarda liderlik ko‘rsatgan, jamiyatga foyda keltirgan ayollar kiritiladi.

Tovuqxo‘r odamlar

Bugungi kunda tovuq go‘shti odamlarning ratsionidan shunchalik chuqur joy olganki, yiliga 74 mlrd dona tovuq yetishtiriladi. Bu ko‘rsatkich 2032 yilgacha 15 foizga o‘sib, 85 mlrd donaga chiqishi kutilyapti.

Top