Jahon | 13:57 / 28.03.2024
4625
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya kompaniyasiga KXDR bilan aloqalari uchun sanksiyalar kiritdi

Vashington va Seul Xitoy, Rossiya va BAA kompaniyalari va fuqarolariga Shimoliy Koreya rejimiga qurol dasturini amalga oshirish uchun cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bergani uchun sanksiyalar kiritdi.

Foto: Ahn Young-joon/AP Photo/picture alliance

Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning ommaviy qirg‘in qurollari dasturini qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklarining olti nafar jismoniy va ikki yuridik shaxsiga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Bu haqda 27 mart, chorshanba kuni AQSh moliya vazirligi saytida ma’lum qilindi.

Boshqa xalqaro firmalar qatorida Vladivostokda joylashgan va Shimoliy Koreyaning Chinyong kompaniyasi bilan aloqador bo‘lgan Rossiyaning «Alis» kompaniyasiga ham sanksiya qo‘yilgan. Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Chinyong Rossiya va Laosda ishlaydigan «minglab Shimoliy Koreya IT-mutaxassislarini» boshqarish uchun kompaniyalar va vakillar tarmog‘idan foydalanadi.

Vashington va Seul Shimoliy Koreyaning olti nafar fuqarosiga, jumladan, Shimoliy Koreyaning Daesong Bank va Jinmyong Joint Bank banklari vakillariga qarshi sanksiyalar kiritdi. 

AQSh va Janubiy Koreya Rossiyadan KXDRga noqonuniy neft yetkazib berishni bloklamoqchi 

Bir kun avval AQSh va Janubiy Koreya yangi ishchi guruh tashkil etilishini e’lon qildi, uning maqsadi Shimoliy Koreyaga BMT sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda, jumladan, Rossiyadan neft olishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Vashingtonda Kengaytirilgan maqsadli guruh (EDTF)ning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

«Neft Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa ishlab chiqarish dasturi hamda harbiy qudrati uchun muhim manbadir», — deyiladi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Shu munosabat bilan Seul va Vashington Rossiya neftining KXDRga yetkazilishi ehtimolidan xavotir bildirdi. 

Diplomatiya, razvedka, sanksiyalar va dengiz ta’minoti uchun mas’ul vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq rasmiy vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi noqonuniy hamkorlikni tugatish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ikkilamchi sanksiyalar, shuningdek, xususiy sektor va uchinchi shaxslarni nazoratga jalb qilish ehtimoliy choralar sifatida ko‘rib chiqilyapti. 

Mavzuga oid