22:55 / 29.03.2024
18837

Dunyoda 5.5G standartini qo‘llab-quvvatlaydigan birinchi smartfon paydo bo‘ldi

5.5G tarmog‘i Xitoyda ishga tushirildi, uni qo‘llab-quvvatlovchi smartfon ham shu mamlakatga tegishli. 

Foto: yugatech.com

2024 yil boshida Xitoyning China Mobile aloqa operatori 5G-Advanced (shuningdek 5.5G yoki 5GA nomi bilan ham tanilgan) yangi uyali aloqa standartini ishga tushirganini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, bozorda yangi texnologiyani qo‘llab-quvvatlaydigan birinchi qurilma allaqachon mavjud. 

Xitoyning OPPO Find X7 smartfoni 5.5G standartini qo‘llab-quvvatlaydigan birinchi qurilma hisoblanadi. Bu haqda kompaniya vakili ma’lum qildi. 

Qayd qilinishicha, 5.5G standartini qo‘llab-quvvatlovchi smartfon modellari soni yil oxirigacha 20 tadan oshishi kutilmoqda, China Mobile esa 5.5G tarmog‘i bilan 300 dan ortiq shaharlarni qamrab olishni rejalashtirmoqda. Bular birinchi navbatda Pekin, Shanxay va Guanchjou megapolislari bo‘ladi. 

5.5G oddiy 5G dan 300 foiz tezroq ekanligi ma’lum. U 10 Gbit/s yuklab olish tezligini va 1 Gbit/s yuklash tezligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, 5.5G qo‘shimcha tayanch stansiyalar ko‘rinishidagi sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanishni o‘z ichiga oladi. Uning Xitoydan tashqarida chiqarilishi haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. 

Sun’iy yo‘ldosh aloqalari esa 2024 yil oxirigacha Android smartfonlarida paydo bo‘lishi kutilmoqda. Iphone smartfonlaridan farqli o‘laroq, u faqat SOS matnli xabarlar bilan cheklanib qolmaydi, ya’ni sun’iy yo‘ldoshga ulanish orqali mobil yoki Wi-Fi tarmog‘isiz xabar jo‘natish/qabul qilish va qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati bo‘ladi.

Top