08:50 / 29.03.2024
4075

Zelenskiy AQSh Kongressini Ukrainaga yordamni ma’qullashga chaqirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan telefon orqali suhbatda harbiy yordamning yangi paketini tezda qabul qilishga chaqirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan telefon orqali muloqot qilib, amerikalik siyosatchini Amerikaning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tezda tasdiqlashga chaqirdi. Bu haqda Zelenskiy 28 mart, payshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Kongress quyi palatasi spikeriga «jang maydonidagi vaziyat, ayniqsa, Rossiya havo hujumining keskin kuchayishi haqida» ma’lumot bergan. Bunday vaziyatda Kongressning Ukraina uchun yordamni tezda qabul qilishi juda muhim, dedi Ukraina prezidenti telefon orqali suhbatda. 

Uning aniqlik kiritishicha, birgina o‘tgan haftada Ukraina shaharlari va jamoalari 190 ta rus raketasi, 140 ta Shahed tipidagi dron va 700 ta boshqariladigan havo bombalari bilan hujumga uchragan, bundan tashqari, Rossiya aviazarbalaridan so‘ng Ukrainaning eng yirik gidroelektr stansiyasi ishdan chiqqan. 

Respublikachilar Ukrainaga yordam berishni to‘xtatmoqda 

2023 yil kuzidan beri AQSh Kongressida 30 sentabrda yakunlanadigan joriy moliya yilida Ukrainaga qariyb 60 milliard dollar (taxminan 55 milliard yevro) harbiy yordam ajratish masalasi muhokama qilinmoqda. Avvalroq, 13 fevral kuni AQSh Senati yakuniy ovoz berishda Ukraina, Isroil va Tayvanga umumiy qiymati 95,3 milliard dollar (taxminan 89 milliard yevro)lik yordam paketini ma’qullagan edi. 

Biroq, ushbu yordam paketi AQShning Meksika bilan chegarasida chegara nazoratini kuchaytirish paketini qabul qilish evaziga ko‘pchilik o‘rin respublikachilarga tegishli bo‘lgan Vakillar palatasida ovoz berishdan o‘ta olmaydi. AQSh prezidenti Jo Bayden o‘zining kuzgi prezidentlik saylovlaridagi potensial raqibi Donald Trampni Ukrainaga harbiy yordam berishni bloklashda aybladi. Tramp avvalroq Respublikachi partiyadagi safdoshlarini AQSh janubiy chegarasini himoya qilishda hech qanday murosaga bormaslikka chaqirgan edi. 

Zelenskiy: Ukraina kuchayishi kerak 

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga yangi yirik hujumni may oyi oxiri yoki iyunda boshlashi mumkin, dedi Volodimir Zelenskiy shu kuni Amerikaning CBS News telekanaliga bergan intervyusida. Bu tahdidga qarshi turish uchun u «hozir yordamga muhtojmiz», dedi. 

Urush Ukraina kuchayguncha davom etadi, dedi Zelenskiy. «Ukraina hali u qadar kuchli emas. Bizga jang maydonida harakat qilish imkoniyatini berish kerak», - deya ta’kidladi u hamda hujumlarga muvaffaqiyatli qarshi turish uchun Ukraina qurolli kuchlariga, birinchi navbatda, Amerika Patriot mudofaa tizimlari zarurligini qo‘shimcha qildi. 

Ikkinchidan, artilleriyada paritetga erishish kerak, ayni paytda rus qo‘shinlari ko‘proq o‘t ochish qurollari tufayli ham, ularning masofasi kengligi tufayli ham afzalliklarga ega. Nihoyat, uchinchidan, Ukraina uzoq masofali raketalarga muhtoj, dedi Zelenskiy CBS News telekanaliga. 

Top