12:55 / 30.03.2024
3244

Jahon banki Ukrainaga 1,5 mlrd dollar ajratdi

Jahon banki mablag‘lari ijtimoiy-gumanitar ehtiyojlar uchun davlat budjeti xarajatlarini qoplash, shuningdek, rekonstruksiyaga yo‘naltiriladi, dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal.

Ukraina Jahon bankidan «O‘sish asoslari» taraqqiyot siyosati (Growth Foundations Development Policy Loan - DPL) uchun qarz doirasida 1,5 milliard dollar miqdorida kredit oldi. Bu haqda 29 mart, juma kuni bosh vazir Denis Shmixal ma’lum qildi va bu mablag‘lar davlat budjetining ijtimoiy-gumanitar ehtiyojlar uchun xarajatlarini qoplashga, shuningdek, rekonstruksiyaga yo‘naltirilishini ta’kidladi.

Shmixalning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabariga qaraganda, Ukraina Yaponiya kafolati ostida 984 million dollar va Britaniya kafolati ostida yana 516 million dollar oldi. 

Iqtisodiyoti Rossiya bilan urushda zaiflashgan Ukraina g‘arb hamkorlarining moliyaviy yordamiga bog‘liq, deb yozadi Reuters: «Biroq, joriy yilning dastlabki ikki oyida to‘lovlar hajmi kamayib ketdi. AQShning yordam paketi Kongressda respublikachilar muxolifati tomonidan bir necha oy davomida bloklanib kelyapti». 

XVJdan Ukrainaga to‘lovlar 

21 mart kuni Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ijroiya kengashi Ukrainaning to‘rt yillik kengaytirilgan moliyalashtirish mexanizmi doirasida (Extended Fund Facility Arrangement, EFF) uchinchi tahlilni yakunladi. Shu bilan birga, Kiyevga 880 million dollar (812 million yevro) miqdorida kredit transhi taqdim etilishi ma’qullandi. 

«2023 yilda Ukraina iqtisodiyoti ajoyib barqarorlikni namoyish etishda davom etdi, ammo urush bilan bog‘liq omillar qayta paydo bo‘lyapti, istiqbol juda noaniq bo‘lib qolmoqda», deya ma’lum qildi XVJ.

Mavzuga oid
Top