O‘zbekiston | 10:37 / 30.03.2024
12014
5 daqiqa o‘qiladi

“Sotuvchilar bozorga borishi shart emas” – hunarmandchilik buyumlarini sotuvchi platforma yasagan dasturchi qizlar

Handihub sotuv platformasida o‘zbekistonlik hunarmandlar o‘z qo‘l ishlarini sotishlari mumkin. Uni 3 nafar talaba qiz va 1 nafar maktab o‘quvchisi tayyorlagan. “Loyihani o‘z mahsulotini sotishga qiynalayotgan chekka hududlardagi ayollar ham foydalanishi uchun tayyorladik. Qolaversa, platformamizdagi mahsulotlar narxlari bozordagidan past bo‘ladi. Chunki sotuvchilar ijara uchun joyga ehtiyoj sezmaydi”, deydi loyiha asoschilaridan biri Shukrona Alisherova.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

4 dasturchi qiz mahalliy hunarmandlar mahsulotini sotishi uchun Handihub platformasini ishlab chiqdi. Loyiha sotuvchi va xaridorlarni bir joyga birlashtiradi. Platforma asoschilaridan biri 18 yoshli Xulkaroy Abdurazzaqova Toshkent iqtisodiyot universiteti 1-bosqich talabasi. U loyihada dizayner (UI/UX dizayneri) sifatida ishlaydi. Hulkar loyiha maqsadini shunday tushuntiradi.

Odatda hunarmand ayollar o‘z mahsulotlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib etishga harakat qilishadi, lekin ko‘pincha ularning urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘ladi. Bizning loyihamiz esa to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘lda tayyorlangan mahsulotlarni joylashtirish va sotish uchun mo‘ljallangan”, deydi u. Hulkarning aytishicha, hozircha platforma faqat O‘zbekiston hududida ishlaydi. Muayyan auditoriya va daromad yig‘ilganidan keyin dasturni Markaziy Osiyo va jahon miqyosiga olib chiqish maqsad qilingan.

Platformadan foydalanish sotuvchilar va xaridorlar uchun dastlab tekin bo‘ladi. Ular muayyan daromadga kirganidan keyin har bir qilingan sotuv uchun avtomatik ravishda foiz yecha boshlaydi”, deydi dizayner qiz.

Loyihaning yana bir ishtirokchisi 16 yoshli Zamira Rustamova Toshkent shahridagi 160-maktabning 10-sinfida o‘qiydi. U sun’iy intellekt mutaxassisi bo‘lib, mobil ilovalarni dasturlaydi. Zamira Handihub platformasi sun’iy intellekt bilan integratsiya qilinganini aytadi. Shu bilan birga, loyiha imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Imkoniyati cheklangan kishilar dasturdan sun’iy intellekt va virtual ovozli yordamchi orqali foydalana oladi. “Dasturni Play Market orqali yuklab olish mumkin. Yuklab olingandan keyin dasturga kiriladi, sun’iy ovozli yordamchi platforma haqida ma’lumot berib, uni foydalanuvchiga tanishtiradi. Dastur qanday ishlashi, mahsulot qanday joylashtirilib, sotuvga qo‘yilishi tushuntirilganidan keyin, bemalol mahsulot sotishni boshlash mumkin”, – deydi Zamira,

Vestminster xalqaro universiteti talabasi Sevil Umidova mashina o‘rganishi muhandisi sifatida ishlaydi. Loyihada mashina o‘rganish algoritmlarini ishlab chiqish va aqlli tizimlarni yaratish bilan shug‘ullangan. “Platforma Uber modeli asosida yaratilgan bo‘lib, u sotuvchi va xaridorlarni uchrashtiradi. Unda buyurtmalarni boshqarish, to‘lovlarni qayta ishlash va yetkazib berish jarayonlarini soddalashtirganmiz. Yetkazib berish usulini sotuvchining o‘zi tanlaydi. Foydalanuvchi saytni ochganda, u taklif etilayotgan mahsulotlarni rastalardagi kabi ko‘radi”, – deydi u.

Loyihada foydalanuvchi interfeysini ishlab chiqishni Amity universiteti talabasi Shukrona Alisherova bajargan. Ya’ni u veb-ilovaning vizual jihatlari jozibador va foydalanuvchiga qulay bo‘lishiga mas’ul. U loyihadan foydalanish ortib borayotganini aytadi. “Loyihani o‘z mahsulotini sotishga qiynalayotgan chekka hududlardagi ayollar ham foydalanishi uchun tayyorladik. Qolaversa, platformamizdagi mahsulotlar narxlari bozordagidan past bo‘ladi. Chunki sotuvchilar ijara uchun joyga ehtiyoj sezmaydi. Hozirgacha 100 dan ortiq ayol-qizlar foydalangan va 50 ga yaqin tashkilotlar hamkorlik qilishga tayyor”, – dedi Shukrona.

Loyiha “Women in IT Start up ” doirasida TOP-3 dan joy olgan. Mualliflar bu startap uchun investor topish bosqichida ekanliklarini aytishdi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev 

Mavzuga oid