08:42 / 02.04.2024
12649

Metan zapravkalarda gaz 3800 so‘mdan sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda metan zapravkalarda gaz narxi 3800 so‘mga ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu belgilangan chegara, ya’ni 3350 so‘mdan yuqori. Energetika vazirligi iste’molchilar shoxobchaga chek bilan qaytib, ortiqcha to‘langan summani qaytarishni talab qilish huquqiga ega ekanini ma’lum qildi.

Foto: Energetika vazirligi

Energetika vazirligi ayrim metan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz belgilangan 3350 so‘mlik limitdan yuqori narxda sotilayotganiga izoh berdi. 1 aprel kuni internetda ba’zi AGTKShlar gazni 3800 so‘mdan sotayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu holat Farg‘ona shahridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida kuzatilgani aniqlangan.

«O‘zenergoinspeksiya»ning Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu AGTKSh mas’ullariga tushuntirish ishlari o‘tkazilgan va «metan» gazning 3350 so‘mdan sotilishi ta’minlangan.

Shuningdek, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ikkita AGTKShda shunday holat kuzatilgan bo‘lib, ular ham «O‘zenergoinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari tomonidan bartaraf etilgan.

«Agar siz bugun bir kubometr siqilgan gaz uchun 3350 so‘mdan ziyod miqdorda haq to‘lagan bo‘lsangiz, qo‘lingizdagi to‘lov chekini o‘sha zapravkaga olib borib, ortiqcha to‘langan pulni talab qilishga haqqingiz bor», — deya ta’kidladi Energetika vazirligi matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, 30 mart kuni Vazirlar Mahkamasi yengil avtomobillar uchun metanning eng baland chakana narxini ikki oyga uzaytirgan edi. Bir kub metr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshirilgan.

«Shu o‘rinda AGTKSh mas’ullaridan ushbu qaror talablariga qat’iy rioya qilgan holda faoliyat yuritishlarini, aks holda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda noqonuniy faoliyatga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Agar AGTKShda tabiiy gaz asossiz ravishda qimmat narxlarda sotilayotganiga guvoh bo‘linsa, quyidagi manzillarga murojaat qilish so‘ralgan:

  • Bosh prokuraturaning telegram boti @EnergonazoratBot va ishonch telefoniga 71-232-10-07;
  • «O‘zenergoinspeksiya»ning telegram boti @energoInspeksiya_bot va ishonch telefoniga 71-200-02-86;
  • Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ishonch telefoniga 71-207-47-00.
Top