22:32 / 04.04.2024
9437

Eronda harbiy inshoot va politsiya uchastkalariga hujum uyushtirildi

Eronning 11 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘ldi, hujum uchun javobgarlikni «Jaysh al-Adl» guruhi o‘z zimmasiga oldi. 

Foto: AP

Eron janubi-sharqidagi Seiston va Balujiston viloyatida qo‘sh qurolli hujum sodir bo‘ldi. Eron davlat televideniyesi ma’lumotlariga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) Rask shahridagi harbiy obektiga, bir necha daqiqadan so‘ng esa Chohbehor shahridagi ikki politsiya bo‘limiga hujum qilingan. 

«Bir necha daqiqa oldin Rask va Chohbehordagi harbiy shtab-kvartiralarda terakt sodir etildi. Vaziyat nazorat ostida», dedi Seiston va Balujiston gubernatori o‘rinbosari Ali Rizo Marhamatiy. 

Sodir etilgan hujumlar uchun javobgarlikni Eronda terrorchi tashkilot deb tan olingan «Jaysh al-Adl» guruhi o‘z zimmasiga oldi. 

Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, to‘qnashuvlarda Eron xavfsizlik kuchlarining 11 nafar xodimi, shuningdek, hujumchilardan 16 nafari o‘ldirilgan. 

Seiston va Balujiston viloyati politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ali Rizo Dilbariy so‘zlariga ko‘ra, aksilterror operatsiya barcha hujumchilar yo‘q qilinmaguncha davom etadi. 

«Jaysh al-Adl» harakati «sunniy baluj xalqi huquqlarini himoya qilish» bahonasi bilan Pokiston bilan chegaradagi Seistan-Balujiston viloyatida qurolli hujumlar uyushtirib turadi.

Mavzuga oid
Top