19:48 / 04.04.2024
7254

O‘g‘irlanayotgan asarlar va befarq mas’ullar - mutaxassis O‘zbekistonda mualliflik huquqi ahvoli haqida

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi uchun intellektual mulk, xususan, mualliflik huquqi himoyasini ta’minlashi kerak. Lekin biz o‘zimizdagi kamchiliklarga e’tibor qaratmayapmiz, deydi huquqshunos Boboqul Toshev. Uning ta’kidicha, mas’ul idoralar befarq, mualliflar sarson, sudlar esa ba’zan qonunlarni noto‘g‘ri talqin qilyapti.

Kun.uz'ning navbatdagi mehmoni – san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi – Boboqul Toshev. Bu palata mualliflar bilan shartnoma tuzgan holda ularga mulkiy huquqlarini himoya qilishda yordam beradi.

Intellektual mulk himoyasi – JSTga a’zolik talabi

— Mualliflik huquqi inson huquqining fundamental huquqlaridan biri hisoblanadi. Ma’naviyat, adabiyot, san’at va ilm bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bu katta daromad manbayidir. Jahon savdo tashkiloti butun dunyoda tovarlar, asarlardan foydalanishda o‘zining siyosatini yuritadi. Tashkilotning 3 ta kengashi bor: tovarlar bo‘yicha kengash, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kengash va intellektual mulk kengashi. Tovarlar bo‘yicha muammolarni yechish mumkindir, lekin intellektual mulk bo‘yicha kengash tavsiyalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston JSTga kirishda, birinchidan, intellektual mulkka oid barcha shartnoma va konvensiyalarni imzolashi kerak. Ikkinchidan, JSTning TRIPS (Trade relate aspecs of intellectual property righs) shartnomasi deb ataymiz, intellektual mulkning savdo aspektlari bo‘yicha bitimi doirasida O‘zbekistondagi barcha patent egalari yoki tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan huquq egalarining manfaatlarini O‘zbekistonda ta’minlash vazifasini zimmasiga olishi kerak. Buning uchun qonunchilikni muvofiqlashtirish lozim.

Amalda ta’sirchan huquqiy himoya tizimini shakllantirishi kerak va bevosita faqat o‘zining mualliflari, balki JST a’zolarining mualliflari, ijrochilari, ularning merosxo‘rlari va boshqa huquq egalari, intellektual mulk obektlari bilan savdo qiluvchi boshqa sub’yektlarning huquqlari himoyasini ta’minlashi kerak. Bu juda og‘ir jarayon.

Biz to‘g‘risini aytsak, kichik yutuqlarimizni bo‘rttirib gapiramiz, kamchiliklarimizni aniqlaymiz, lekin bekitishga harakat qilamiz. Jahon savdo tashkiloti bu masalaga e’tibor qaratyapti, kuzatib turibdi O‘zbekistonni. Rivojlangan davlatlar O‘zbekistonning JSTga kirishida qator savollar qo‘yyapti. O‘zbekiston hududida bo‘lib turgan elchixonalar, xorijiy sayyohlar, turistlar huquq egalari o‘zining munosabatini bildiryapti.

“O‘zbekiston JST a’zolari mualliflarining huquqlarini ta’minlashi kerak”

— AQSh kongressi har yili butun dunyo bo‘yicha 301-ma’ruzani e’lon qiladi. Intellektual mulk sohasidagi davlat siyosati, amalga oshirgan ishlari va oldingi yillarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etganmi-yo‘qmi, mualliflarning talablarini bajaryaptimi-yo‘qmi, bular borasida savollar qo‘yadi.

Afsuski, oxirgi 5 yilda e’lon qilingan 301-sonli ma’ruzada O‘zbekiston hukumati tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan kamchiliklarga e’tibor qaratmayapmiz. AQSh YaIMning 33 foizi intellektual mulk obektlari realizatsiyasi natijasida olinadi. Qariyb 9 trillion dollarlik asarlar va ijrolar Amerika yalpi ichki mahsulotini tashkil qiladi. Amerika mualliflari hukumatdan, parlamentdan, xalqaro tuzilmalardan o‘z huquqlari boshqa davlatlarda, jumladan, O‘zbekistonda to‘liq ijrosi ta’minlanishini talab etadi. Bitta asarni yaratish juda katta xarajat talab etadi, demak bu bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq ekan, ana shu xarajatni huquq egalari qaytarib daromad sifatida olmas ekan, O‘zbekiston uchun o‘zining e’tirozlarini bildiraveradi. JST O‘zbekiston bilan xalqaro huquqiy siyosatini shakllantirayotganda o‘zining tavsiyalarini berib boryapti.

“Hammasi yaxshidek, ammo amaliyot og‘riqli nuqtamiz”

— Bu juda og‘riqli nuqta. Mualliflar, ijrochilar, teleradio tashkilotchilari va fonogramma ishlab chiqaruvchilar o‘z huquqlarini yaxshi bilmaganligi jamiyatning yoki bizning aybimiz emas. Davlat boshqaruv organlari, ziyolilar shu sohaga qiziquvchi barcha, ayniqsa, huquqshunoslar mualliflar huquqini tushuntirish bilan keng shug‘ullanishi kerak edi. Tashqaridan qarasak, O‘zbekistonda mualliflar va ijrochilar huquqlarini himoya qilish joyida. Biz deyarli barcha xalqaro shartnomalar a’zosimiz, xalqaro hamkorligimiz yaxshi, ixtisoslashgan tashkilotlar O‘zbekiston bilan hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘ygan, qonunchiligimiz xalqaro hujjatlarning talab va prinsiplarini o‘zida mujassamlashtirgan. Bu ishning bir tomoni. Amaliyot bilan bog‘liq ikkinchi og‘riqli nuqtamiz bor. Qonunchilikda hamma kafolatlarni berganmiz. Yangilangan Konstitutsiyaning 53-moddasida davlat intellektual mulk bilan bog‘liq muhofazani ta’minlaydi dedik. Konstitutsiyaning 15-moddasida O‘zbekiston qo‘shilgan har qanday xalqaro shartnomalar O‘zbekiston milliy huquq tizimining tarkibiy qismi deb tan oldik. 

Davlat boshqaruv organlari, sudlar o‘zlari qabul qilgan qarorlarda Konstitutsiyaviy, xalqaro shartnomalar normalari, kodekslar va qonunlarni ko‘rsatishi kerak. Endi bunga rioya qilish alohida masala. Huquqbuzarlikka e’tibor bermaslik huquq egalarining e’tirozlarini pisand qilmaslik bu mualliflik huquqi himoya qilinmayotganidan dalolat beradi. Qanday asar bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z bilimini asarga aylantirsa-da, uni nashriyotga olib borsa, chop qilish davom etayotganda boshqa nashriyot chop qilib bozorga chiqarsa, muallifning, albatta, g‘ashi keladi. Muallif e’tiroz bildiradi. Bu bilan kim kurashishi kerak? O‘zbekistonda 200 dan ziyod nashriyot faoliyati muvofiqlashtirilmayapti. Ilgari bu litsenziyalanadigan faoliyat hisoblanardi. Kitob shaklidagi foydalanish usuli haqida gapiryapmiz. Davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tib, o‘zining ustavi, muhriga ega bo‘lib, u nashriyot faoliyat olib boryapti, chop etgan asari haqida ma’lumot beryapti, ruxsatsiz, shuningdek, xorijiy mualliflarning roziligisiz O‘zbekiston bozorini to‘ldiryapti.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov vafotidan keyin uning asarlarini nashriyotlar so‘roqsiz chop etib, xatolar bilan sifatsiz shaklda bozorga olib chiqib sotgani merosxo‘rlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi va bir qator sud ishlarida ko‘rildi. Ammo huquqlar tiklandi deyolmaymiz, chunki buning uchun huquqbuzar e’lon qilinishi, huquq egasi qanday talab qilgan bo‘lsa, yozma kechirim so‘rashi, yetkazilgan zarar o‘rnini qoplab berishi kerak, o‘zi tomonidan chop etilgan sifatsiz asarlarni bozordan yig‘ib olib yo‘q qilishi kerak.

Mualliflar haqlarini bermayotgan teatrlar, konsertlar…

— Aksariyat taniqli mualliflarimizning asarlari bemalol shartnomasiz nashriyotlarda chop etilyapti, bozorlarda sotilyapti. Mualliflarga va boshqa huquq egalariga qaysi sharoitda asarlardan qanday foydalanish va ularga qancha haq to‘lash tartiblari belgilangan qaror bor, bunga rioya qilinmayapti. Masalan, konsert bo‘ladigan bo‘lsa, tomosha davomida sotilgan chiptalarning 5 foizi miqdorida shoir va bastakorlarga mualliflik haqi to‘lanishi kerak. Deyarli to‘lanmaydi. O‘zbekistonda 41 ta davlat teatri bor, bundan bor-yo‘g‘i 14 tasi bizning palata bilan shartnoma tuzgan. Biz necha marta Madaniyat vazirligiga tushuntirdik. Lekin xorijiy davlatlarning teatr asarlarini tarjima qilib yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish holatlari bor. Bu ahvol qandayligini ko‘rsatib turadi.

Biz ana shu talashishlar davomida sudga murojaat qilamiz. Bundan oldin ma’muriy tartibda ta’sir choralarini ko‘rish uchun Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk departamentiga murojaat qilamiz. Murojaatlar bir qismi qanoatlantiriladi, bir qismi rad etiladi va bir qismiga noto‘g‘ri talablar ham qo‘yilyapti. Noto‘g‘ri talabga misol keltiraman. Palatamiz 20 dan ortiq tashkilotlar bilan shartnoma tuzgan, shartnomada bir tomondan bizning tashkilot, ikkinchi tomondan Turkiya tashkiloti rahbarining imzo va muhri bor. Bo‘ldi, bu shartnoma to‘g‘ridan to‘g‘ri kuchga kiradi. Biror qonunda bu toifadagi shartnomalar legallashtirilishi yoki aposter qo‘yilishi kerak degan talablar yo‘q. Bunaqa noto‘g‘ri talablar ham bo‘lyapti.

“Sudlar qonunlarni noto‘g‘ri talqin qilyapti”

— Biz huquqshunoslar bir birimizga tushuntira olmayotgan bo‘lsak, oddiygina mualliflar yoki ularning merosxo‘rlari qanday tushunsin? Shunday sharoitda sudlarga murojaat qilganimizda amaldagi qonunchilik, xalqaro hujjatlar noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Serial yozgan ssenariy muallifining asari kinostudiya tomonidan o‘zlashtirib olingan. Kinostudiya bilan televideniye 60 qismli serialni suratga olishga kelishgan. Xususiy telekanallar ssenariyni yozmagan kinostudiya xodimiga har bir qism uchun falon milliondan haq berib turgan, bu yoqda muallif 1,5 yil ichki ishlar, prokuratura organlariga borgan, biror idora to‘g‘ri xulosa bermagan. Bizning palataga a’zo bo‘lgandan keyin sudlashdik, lekin 1-instansiyada yutqizdik. Sudyalar tushunmaydi buni. “O‘zi rozi bo‘lib, boshqa birovga muallifsan debdi-ku”, deydi. Vaholanki, qonun aytyapti, muallifning har qanday roziligi, ariza, bitim, shartnomasi Fuqarolik kodeksining 115-moddasiga muvofiq tuzilgan paytdan haqiqiy emas.

Sud muallifni chaqiryapti-da, muallif o‘zi qanaqadir tilxat bergan ekan, deb navbatma-navbat rad qilyapti. Vaholanki, Fuqarolik kodeksi, mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonun,  Oliy sud plenium qarori turibdi, oydin yozib qo‘yilgan. Keyingi sudlarda noqonuniy olingan guvohnoma bekor qilindi, haqiqiy muallif tan olindi, unga tegishli mualliflik haqi undirib berildi va serialda haqiqiy muallif muallif sifatida e’tirof etildi.

“Tijorat maqsadidami, yoki shaxsiy maqsad?!”

— Bir fotografimiz bor, uning asari kitob shaklida chop etilgan. Kitobdagi suratini Xorazmdagi mehmonxona olib, katta banner qilib mehmonxonaga ilib qo‘yyapti. Bunda mehmonxona [suratdan] shaxsiy maqsadlarda foydalanyaptimi yoki tijorat maqsadida? Mehmonxonaning asosiy vazifasi – tijorat. Muallif e’tiroz bildirdi, rad qilindi. Xorazm viloyati fuqarolik ishlari sudi ham e’tirozni rad qildi. Sud buni shaxsiy maqsadlarda foydalangan deb topdi. Talqin qilayotgan, asoslanayotgan norma hamma bemalol borishi mumkin bo‘lgan joylarda asarlardan foydalanish shaxsiy maqsadlarda foydalanish deyiladi. Bu haykallar, arxitektura namunalari, dizayn asarlari. Pul to‘lanmaydigan jamoat joylari bo‘lishi kerak. Lekin shunda ham muallifdan ruxsat olish kerak. Haykaltarosh Ilhom Jabborovning “Amir Temur haykali” uchun hokimlik buyurtma asosida huquqlarni olgan bo‘lsa,  undan hamma foydalanishi mumkin, suratga tushishi mumkin. Lekin shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan tijorat maqsadlarida foydalanishni sudlar bila turib, ochiqchasiga farqlamayapti.

To‘liq intervyuni Kun.uz'ning You Tube sahfasida tomosha qilishingiz mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Top