08:32 / 05.04.2024
4644

Murmansk viloyatida gubernatorga pichoq bilan hujum qilindi

Murmansk viloyati gubernatori Andrey Chibis pichoq bilan qilingan hujum oqibatida kasalxonaga yetkazildi. 

Foto: AP

Murmansk viloyatining Apatiti shahrida erkak kishi pichoq bilan viloyat gubernatori Andrey Chibisga hujum qildi. Jinoyatchi amaldorga mahalliy aholi bilan uchrashuvdan so‘ng madaniyat markazidan chiqib ketayotganda yaqinlashib, uning qorniga pichoq sanchdi, deb yozadi 4 aprel, payshanba kuni «Murmanskiy vestnik» nashri

Chibis kasalxonaga yotqizilgan - uning ahvoli haqida batafsil ma’lumot berilmadi, biroq OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u mashinaga o‘zi piyoda bora olgan. RBK gubernator matbuot xizmatiga tayanib, unda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkinligini yozmoqda. 

Hujum qilgan erkak qo‘lga olindi, u Apatiti shahrida yashovchi 42 yoshli fuqaro bo‘lib chiqdi, deb yozadi mahalliy OAV. Ushlash paytida u oyog‘idan yaralangan. Erkakning maqsadi noma’lum. 

Chibis mintaqadagi «renovatsiya» uchun tanqid qilingan

Andrey Chibis «Yagona Rossiya» partiyasi a’zosi, 2019 yil sentabridan Murmansk viloyati gubernatori lavozimida ishlab kelyapti. Tegishli saylovlarga qadar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Chibisni viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan. 

Chibisdan oldin bu lavozimda Marina Kovtun bo‘lgan, ammo 2019 yil mart oyida u Putindan iste’foga chiqishni so‘radi, bu RF bir qator mintaqalari rahbarlarining boshqa shunga o‘xshash iltimoslari bilan birga sodir bo‘ldi - Rossiya ommaviy axborot vositalari bunday tendensiyani «gubernatorlar qulashi» deb atadi.

Chibis boshqaruvi davrida Murmansk viloyatida «renovatsiya» deb atalgan jarayon boshlandi, bu mintaqadagi portlar va yopiq harbiy shaharchalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. 2023 yilda Rossiya hukumati Murmansk viloyatida ushbu tadbirlarni o‘tkazish tezligi yetarli emasligini qayd etdi, deb yozgan RBK avvalroq. Shu bilan birga, Chibis tegishli yig‘ilishda ushbu chora-tadbirlar uchun kamida 283,5 milliard rubl kerak bo‘lishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid
Top