07:22 / 08.04.2024
4809

Toshkentda davlat raqami belgisini yechib harakatlangan Spark haydovchisi aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro YPX inspektorlaridan berkinishga uringani aks etgan video tarqaldi. IIBB YHXB holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. 

Foto: IIBB YHXB

Ushbu holat joriy yilning 4 fevral kuni soat 20:30 larda Bektemir tumanida sodir bo‘lgan. Tungi xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlari tomonidan davlat raqam belgilarini o‘zboshimchalik bilan yechib harakatlanib kelayotgan “Spark” rusumli avtomashina haydovchisiga jyezl va hushtak yordamida to‘xtash ishorasi berilganda, haydovchi bo‘ysunmasdan harakatlangani sababli ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida to‘xtatilib, 2 nafar xolislar ishtirokida avtomashina ko‘zdan kechirilganda davlat raqam belgilari salonda ekani aniqlanadi

Holat yuzasidan YPX inspektori tomonidan haydovchi 2005 yilda tug‘ilgan Sh.M.ga nisbatan MJTKning 125-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ushbu avtomashina haydovchisi 4 mart kuni Bektemir tumanida YPX inspektorlari tomonidan to‘xtatilib hujjatlarini tekshirish davomida, o‘zini tutishi va gap so‘zidan YPX inspektorlarida shubha uyg‘otgan. 2 nafar xolislar ishtirokida haydovchi va avtomashina ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salon qismidan o‘tkir hidli, oq rangli kukunsimon modda borligi aniqlangan.

Holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib fuqaro hamda aniqlangan modda Bektemir tuman IIO FMBga topshirilgan.

Top