Jamiyat | 16:31 / 09.04.2024
34049
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘lovchining qo‘lini qisib qolgan holda harakatlangan avtobus haydovchisi ishdan ketdi

“Toshshahartransxizmat”ga ko‘ra, holat 4 aprel sanasida haydovchining ehtiyotsizligi sabab yuzaga kelgan. Yo‘lovchi tushib ulgurmasidan avtobus eshiklari yopilgan va fuqaroning qo‘li qisib qolingan holda transport harakatlangan. 

Foto: Videodan kadr

Tarmoqlarda Oloy bozoridan Chilonzor 25-dahasigacha harakatlanuvchi 2-avtobus bilan bog‘liq videolar tarqaldi. Lavhada avtobus bekatda to‘xtab, yo‘lovchilarni tushirgan, oxirgi fuqaro tushib ulgurmasidan transport eshiklari yopilgan. Oqibatda yo‘lovchining qo‘li qisilib qolgan va avtobus harakatlangan. Vaziyatga guvoh boshqa odamlar haydovchini to‘xtatgan. 

“Toshshahartransxizmat” munosabatiga ko‘ra, holat 4 aprel sanasida 145-maktab bekatida sodir bo‘lgan. AJ e’lon qilgan videoda haydovchi yo‘lovchini ko‘rmay qolganini aytib o‘tgan. 

“Eshiklarimni ochib, yo‘lovchilarimni tushirganimdan so‘ng, harakatni davom ettirish vaqtida eshiklarimni yopdim, yopayotgan paytimda orqa eshikdan to‘satdan yoshi ulug‘ inson tushib qoldi. Men harakatni davom ettirib, buni sezmay qoldim. 

Joyda harakatimni to‘xtatib, [yo‘lovchining] oldiga borib, vaziyatni tushuntirganimda, “bolam, sen ketaver, mening o‘zimda ham xato bo‘ldi, hammasi yaxshi, ketaver”, deganlaridan keyin yo‘nalishim bo‘ylab harakatni davom ettirib ketdim”, – deydi u. 

Haydovchi so‘zining so‘ngida barcha hamkasblarini ziyraklikka chaqirib, odamlardan uzr so‘ragan. 

“7-avtobus saroyi” harakat xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Islombek Ulug‘bekovning ta’kidlashicha, bu haydovchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Mutaxassis bu kabi holatlarning oldi olinishi uchun har kuni avtobus boshqaruvchilari bilan tushuntirish ishlari olib borilishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid