08:37 / 10.04.2024
1563

Uch oyda ma’muriy sudlar tomonidan qancha ish ko‘rib chiqilgani aytildi

Joriy yilning birinchi choragi davomida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 3 696 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 1 523 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi.

Foto: Kun.uz

Oliy sud xabariga ko‘ra, hisobot davrida ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi 3 273 ta ish ko‘rib chiqildi.

Xususan, hokim qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 1 947 tani tashkil qilib, shundan jismoniy va yuridik shaxslarning 864 ta arizasi qanoatlantirilgan.

Viloyat va unga tenglashtirilgan ma’muriy sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida 964 ta ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 108 ta qaror bekor qilinib, 4 ta qaror o‘zgartirildi.

Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 265 ta shikoyat va protest o‘rganib chiqilib, shundan 86 tasi ish materiallari asosida ko‘rib chiqildi. Natijada quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 16 tasi bekor qilinib, 1 tasi ko‘rmasdan qoldirildi, 1 tasi ish yuritishdan tugatildi va 65 tasi o‘zgarishsiz qoldirildi. Shuningdek, apellyatsiya instansiyasida 2 ta va kassatsiya instansiyasida 1 ta ish ko‘rilib chiqilib, sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirildi.

Top