10:31 / 13.04.2024
3397

O‘zbekistonda birinchi chorakda 318 kishi shilqimlik uchun javobgarlikka tortildi

Yilning dastlabki uch oyida 318 kishi shahvoniy shilqimlik qilish aybi javobgarlikka tortilgan. Yana 40 kishi shaxs sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlikda aybdor deb topildi.

2024 yilning 1-choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Oliy sud xabariga ko‘ra, ushbu shaxslarning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1 999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Top