08:58 / 16.04.2024
6235

Tojikiston Turkiya fuqarolari uchun viza rejimini joriy qilyapti

Tojikiston javob choralarini ko‘radi va Turkiya fuqarolari uchun viza rejimini joriy qilmoqda. 2021 yildan Turkiya fuqarolari Tojikistonda 30 kungacha vizasiz qolishi mumkin edi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi vakilining 15 aprel kuni aytishicha, qaror joriy yilning 20 aprelidan kuchga kiradi.

«Turkiya fuqarolari Tojikiston vizasini Tojikiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari va konsulliklarida olishi mumkin», — dedi u.

5 aprel kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qilish haqidagi farmonni imzoladi. Farmon matnida shunday deyiladi: «Tojikistonning oddiy chet el pasportiga ega fuqarolari uchun Turkiyaga sayohat qilishda vizasiz rejimni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi». Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimi joriy yilning 20 aprelidan joriy etiladi.

Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimini joriy qilish sabablari aniqlashtirilmagan, biroq ko‘plab rus ommaviy axborot vositalari buni Tojikiston fuqarolari gumonlanuvchi sifatida qayd etilgan Rossiya va Turkiyadagi teraktlar bilan bog‘lamoqda.

Anqara «Krokus»dagi teraktdan so‘ng ikki gumondor Turkiyada qisqa vaqt qolgandan so‘ng Istanbuldan Moskvaga uchib ketganini bildirdi. 22 mart kuni Moskva yaqinidagi konsert zalida sodir etilgan hujumda 140 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

2018 yildan buyon Tojikiston fuqarolari o‘nlab boshqa davlatlar fuqarolari kabi Turkiyaga vizasiz kirishi va u yerda 90 kungacha qolishi mumkin edi.

Tojikiston va Turkiyani Turkish Airlines va mahalliy «Somon Eyr» aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar bog‘laydi. Hafta davomida Tojikistondan oltita samolyot Istanbulga uchadi. Yo‘lovchilarning aksariyati tadbirkorlar va biznes tuzilmalari vakillaridir. Istanbul Tojikiston fuqarolari uchun xalqaro reyslar uchun muhim tranzit punkti hisoblanadi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 350 million dollardan ortiqni tashkil qilgan.

Mavzuga oid
Top