O‘zbekiston | 10:44 / 17.04.2024
27194
5 daqiqa o‘qiladi

IIB xodimi IIV gospitalida vafot etdi. Marhumning yaqinlari shifokorlarni ayblamoqda

Toshkent tumani IIB shtab boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan 34 yoshli Shuhrat Rustamov Ichki ishlar vazirligi gospitalida oyog‘ini operatsiya qildirganidan 4 kun o‘tib vafot etdi. Marhumning yaqinlari uning o‘limida gospitalning tibbiyot xodimlari aybdor deya hisoblashmoqda. Ular holat yuzasidan tergov ishini olib borayotgan prokuratura tergovchisining harakatsizligidan ham norozi.

Ichki ishlar vazirligi gospitalida IIB xodimi vafot etdi. Holat 2023 yilning 25 dekabr kuni sodir bo‘lgan: oyog‘i operatsiya qilingan kapitan Shuhrat Rustamov kutilmaganda sog‘ligi yomonlashib, jonlantirish bo‘limida vafot etgan. U Toshkent viloyati Toshkent tumani IIBda shtab boshlig‘i lavozimida ishlayotgan edi.

Kun.uz’ga murojaat qilgan marhumning yaqinlariga ko‘ra, u o‘limidan bir kun oldin gospital tomonidan go‘yoki o‘ziga qilingan, ammo aslida qilinmagan dori-darmonlar ro‘yxatiga imzo qo‘yish masalasida shifokor bilan tortishib qolgan.

“Ukam sportchi yigit edi, futbol bo‘yicha turli musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelardi. Yutuqlari ko‘p edi.

2023 yilning kuz oylarida IIV tizimidagi futbol musobaqasida ishtirok etib, oyog‘idan jarohat oldi. 18 dekabr kuni oyog‘ini operatsiya qildirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi gospitaliga borib yotdi. 20 dekabr kuni operatsiya bo‘ldi. Holati, kayfiyati yaxshi edi. Deyarli har kuni gaplashib turardik. O‘limidan bir kun oldin ham gaplashganman, ertaga keling, gospitaldan chiqaman, shifokorlar yaxshi qarashmayapti, degandi.

25 dekabr kuni ertalab Bo‘stonliq tumani IIBdan menga qo‘ng‘iroq qilib, ukam jonlantirish bo‘limiga tushib qolganini, tezroq borishim kerakligini aytishdi. Dadamni olib soat 9:30 larda gospitalga yetib bordim. Ammo borganimda ukamning joni uzilib bo‘lgandi.

Xonadoshining aytishi bo‘yicha, ertalab ukamning tobi bo‘lmay qolgan, hamshiralar tomonidan birinchi tibbiy yordam yaxshi ko‘rsatilmagan, navbatchi shifokorlar ham joyida bo‘lmagan. Tibbiyot xodimlari xizmat faoliyatiga sovuqqonlik bilan qarashgan, o‘z kasbiy vazifasini vaqtida amalga oshirmagan”, deydi marhumning akasi Axmadjon Rustamov.

Shuhrat Rustamovning dadasi Ravshan Rustamovning aytishicha, shifokorlar o‘g‘liga aslida qilinmagan dori-darmonlar ro‘yxatiga imzo qo‘ydirib olishga harakat qilishgan.

“Vafotidan bir kun oldin kechqurun videoaloqa orqali suhbatlashdik. O‘g‘lim hamshira bir varaq dorilar ro‘yxatini olib kelib, imzo qo‘yishni so‘raganini, u imzo qo‘ymaganligini, sababi mazkur dorilarni o‘z puliga ko‘chadan sotib olib kelganini aytdi. Keyin shu imzo masalasida shifokor bilan ham tortishgan. Ya’ni tibbiyot xodimlari aslida gospital hisobidan qilinmagan dorilar ro‘yxatini yozib, go‘yoki muoalaja paytida ushbu dorilar ishlatilganligi haqida o‘g‘limga imzo qo‘ydirib olmoqchi bo‘lishgan.

Bundan tashqari, o‘g‘limning tobi qochganida hamshira kelib, joyiga yotqizib, yuziga suv sepgan xolos. Suv bilan ham birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladimi? Shuhrat boquvchi bolam edi, ikki farzandi yetim qoldi”, deya ta’kidlaydi Ravshan Rustamov.

Marhumning yaqinlari ma’lum qilishicha, o‘lim holati yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Tergovchidan gospitaldagi o‘sha kungi videokamera yozuvlarini bir oy o‘tmasdan oldin olishni so‘radim. Sababi, ukamga joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish o‘rniga xonasidan o‘rindiqli aravachaga mindirib olib chiqib ketishgan. Uni qayerga olib borishgani, qanday tibbiy yordam ko‘rsatishgani menga qorong‘i. Agar kuzatuv kameralari yozuvlari bo‘lsa barchasiga aniqlik kiritilardi. Tergovchi kamera yozuvlarini bir yildan keyin ham ola olishini aytdi. Ammo endilikda yozuvlar o‘chib ketibdi, shifokorlar o‘z xizmat vazifasini bajarishgan ekan, demoqda. Necha kundan beri tergovchini topa olmaymiz, na qo‘ng‘iroqlarimizga javob beradi, na ish joyida bo‘ladi. Tergovchining bu kabi harakatsizligidan ham norozimiz”, deydi marhumning akasi.

Olmazor tumani FHDYo bo‘limidan berilgan ma’lumotnomada Shuhrat Rustamovning o‘limiga o‘pka emboliyasi sabab bo‘lgani qayd etilgan.

Mavzuga oid