01:05 / 19.04.2024
13312

Jizzaxda qoidalarni buzib tez yurgan haydovchi ikki bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 26 yoshli haydovchi 2023 yil dekabr oyidan buyon 11 marta tezlik qoidalarini buzgan. Uning so‘nggi qoidabuzarligi ayanchli tugadi.

Foto: Jizzax viloyati IIB YHXB

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida aholi punktida qoidalarni buzib tez harakatlangan haydovchi ikki nafar maktab o‘quvchisining o‘limiga sabab bo‘ldi.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 15 aprel kuni tush paytida G‘allaorol tumani hududida sodir bo‘lgan.

Baxmal tumanida yashovchi 26 yoshli haydovchi o‘ziga tegishli “Lasetti” mashinasi bilan tumanning Oqtom mahallasi hududidan o‘tgan O‘smat-Baxmal avtomobil yo‘lida qoidalarga zid ravishda tezlikni oshirgan.

Shunda u mashina boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidan maktabga ketayotgan ikki nafar o‘quvchini urib yuborgan. Oqibatda 5 va 7-sinfda o‘qiydigan o‘quvchilar og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

“Lasetti” bolalarni urib yuborgach, yo‘ldan ancha ichkarida bo‘lgan qoramol bilan to‘qnashib, uni ham bosib o‘ldirgan. So‘ng devorga urilib to‘xtagan.

Viloyat IIB YHXB tayyorlagan videoda haydovchi soatiga 70 km tezlikda yurish belgilangan aholi punkti ichida soatiga 100 km tezlikda harakatlanib kelganini aytgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan G‘allaorol tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Haydovchi protsessual tarzda qamoqqa olingan.

Top