11:38 / 21.04.2024
3878

Telegram orqali fuqarolardan birining 50 mln so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

Mazkur shaxs internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli havola jo‘natib, shu yo‘l bilan bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va ularda saqlangan pullarni o‘g‘irlab kelgan.

Foto: IIV Kibernetika markazi

Nukusda telegram orqali fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV Kibernetika markazi xabar bermoqda.

Toshkent shahrida yashovchi 45 yoshli ayol S.A. IIBga murojaat qilib, bank kartasidan 50 mln so‘m noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Nukus shahrida yashovchi 32 yoshli U.N. sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan U.N. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli havola jo‘natib, shu yo‘l bilan bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va ularda saqlangan pullarni o‘g‘irlab kelgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, U.N.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid
Top