13:12 / 30.04.2024
14468

Levandovski 3 ta gol urib, «Real»ning chempionligini kechiktirdi

«Valensiya» bilan o‘yin taqdirini darvozabon chetlatilishi va hakam qarorlari hal qildi.

Foto: MANUEL QUEIMADELOS/GETTY IMAGES

Ter Stegen golga sababchi bo‘ldi, Mamardashvili birinchi bo‘limdayoq qizil oldi

La liga. 33-tur
«Barselona» — «Valensiya» 4:2
Gollar:
Lopes (22), Levandovski (49, 82, 90+3) — Duro (27), Pepelu (38, penalti).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi (Martines, 46), Joau Kanselu (Ferran Torres, 80), Kristensen (Serxi Roberto, 46), Gundo‘g‘an, Lopes (Pedri, 73), Rafinya (Joau Feliks, 66), Yamal, Levandovski.
«Valensiya» – Mamardashvili, Terri Korreyya, Moskera, Gasorovski, Xesus Vaskes, Pepelu, Gerra (Gilyamon, 71), Almeyda (Domenek, 51), Peter Federiko (O‘zkajar, 79), Duro (Mari, 70), Diyego Lopes (Kanos, 79). 
Ogohlantirish: Kubarsi (42).
Chetlatish: Mamardashvili (45+4).

«Barselona» Fermin Lopesning bosh bilan urgan golidan keyin hisobni ochgandi, ammo besh daqiqa o‘tib Ugo Duro muvozanatni tikladi.

Vaziyat xavfli edi, ammo kritik darajada emasdi: to‘p jarima maydonini tark etib chiqib kelgan Mark-Andre ter Stegenning oyoqlariga yumalab borayotgandi, ammo Duro uni pressing qildi.

Germaniyalik posbon texnik yo‘l bilan himoyachiga pas bermoqchi bo‘ldi – ammo to‘pni oldirib qo‘ydi. Duro havodagi to‘pni ko‘kragi bilan o‘ziga moslab oldi va bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.

Ko‘p o‘tmay «Valensiya» oldinga chiqib oldi – Pepelu Ronald Arauxo tomonidan Peter Federikoga ishlatilgan fol uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi. Ammo mehmonlar uchun birinchi bo‘lim oxirida barchasi o‘zgarib ketdi.

Georgiy Mamardashvili ham jarima maydoni tashqarisida muvaffaqiyatsiz harakat qildi: u ortga uzatilgan pasdan keyin to‘pni qabul qila olmadi va Lamin Yamalning pressingi ostida qo‘l bilan o‘ynadi.

Hakam qoida bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qildi – darvozabon jarima maydoni tashqarisida to‘pni qo‘l bilan to‘xtatishi uchun qizil kartochka beriladi.

Zaxira darvozaboni Jaume Domenek Andre Almeydu o‘rniga tushdi, bu uning La Liga joriy mavsumidagi debyutiga aylandi. U yanvar oyida kubok o‘yinlarida ikki bor o‘ynagandi (bu o‘yinlarda 2:1 va 1:3 hisoblari qayd etilgan).

Va «Valensiya» Barselonada baribir tanaffusgacha 2:1 hisobini saqlab qoldi. Ammo ikkinchi bo‘limni to‘liq o‘n kishi bo‘lib o‘tkazishga to‘g‘ri kelardi.

Barchasini Levandovskining het-trigi hal qildi

Ikkinchi bo‘lim boshlangani haqidagi hushtakdan atigi to‘rt daqiqa o‘tdi – va Robert Levandovski burchakdan uzatilgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Burchak zarbasi ijro etilishidan oldin televizorda VAR «Barselona» jarima maydonida fol ishlatilgani ehtimolini tekshirayotgani ko‘rsatildi, ammo Inigo Martines to‘pga o‘ynagani oydinlashdi.

Holatning boshqa rakursida ham bu yelkama-yelka kurash bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Burchak zarbasidan esa «Barsa» gol urdi – «Valensiya» futbolchilari VAR vaziyatga aralashishini so‘rab, bu holatda Fermin Levandovski zarba berayotganida ofsaydda turgani va darvozabonga xalal berganini aytishdi.

Ammo gol inobatga olindi.

82-daqiqada esa Levandovski g‘alaba golini urdi – burchak zarbasi ijro etilganida birinchi bo‘limda penaltiga sababchi bo‘lgan Arauxo assist uzatib, o‘z aybini yuvdi. «Barselona» shu kuni 15 marta burchak zarbasini ijro etdi («Valensiya»da faqat 1 ta) va ikkitasida gol urdi.

Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Robert jarima zarbasini a’lo darajada ijro etib, het-trikni rasmiylashtirdi. «Valensiya»ning zaxira darvozaboni uchta gol qo‘yib yubordi – barchasini polshalik hujumchidan. «Barsa» – 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Levandovskining la ligadagi gollari soni 16 taga yetdi. To‘purarlar poygasida peshqadamlik qilayotgan Artyom Dovbikkacha yana uchta gol qolmoqda. Bu het-trik – polyak uchun La Ligada birinchisi va «Barsa»dagi ikkinchisi. Klub safidagi ilk het-trik 2022 yil sentabrida urilgandi – o‘shanda «Barselona» Chempionlar ligasida «Viktoriya»ni 5:1 hisobida mag‘lub etdi.

* * *

«Barselona» bu g‘alabadan keyin turnir jadvalida «Jirona»ni quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa chiqdi, shu bilan birga «Real»ning chempionligini ortga surdi. Keyingi turda Kataloniya derbisi o‘tkaziladi, jamoalarning o‘tgan yil dekabrida birinchi davra uchrashuvida Xavi jamoasi 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi, endi jamoada qasos olish va ikkinchi o‘rinni mustahkamlash imkoniyati bor. «Valensiya» navbatdagi turni o‘rtamiyona «Alaves»ga qarshi o‘tkazadi – jamoa hamon yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashmoqda.

Top