21:43 / 01.05.2024
4197

AQSh sudi Binance kriptovaluta birjasi asoschisini 4 oylik qamoq jazosiga hukm qildi

Chanpen Chjao birjada noqonuniy faoliyatni moliyalashtirish bilan bog‘liq tranzaksiyalardan xabardor bo‘lgani isbotlandi. Qamoq jazosidan tashqari u 50 million dollar jarima ham to‘laydigan bo‘ldi. 

Foto: AFP

AQSh sudi dunyodagi eng yirik kriptovaluta birjasi Binance asoschisi Chanpen Chjaoni 4 oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi. 

Sud 47 yoshli Chjaoni AQSh pul yuvishga qarshi kurash qonunlarini buzganlikda aybdor deb topdi. Ayblovga ko‘ra, Binance rahbariyati terrorizm, bolalar pornografiyasi va boshqa noqonuniy faoliyatni moliyalashtirish bilan bog‘liq tranzaksiyalardan xabardor bo‘lgan - biroq platforma bu haqda huquq-tartibot idoralarini xabardor qilmagan. 

Chjao o‘z aybini tergov bilan kelishuvining bir qismi sifatida tan oldi va Binance rahbari lavozimini tark etdi. Sud uni prokuratura talab qilganidan (3 yil) kamroq muddatga jazoladi. Shuningdek, Chjao 4 oylik qamoqdan tashqari, 50 million dollar jarima to‘lashi kerak. 

Chjao dunyodagi eng boy odamlardan biri. U Forbes milliarderlar ro‘yxatida 50-o‘rinni egallab turibdi, uning boyligi 33 milliard dollarga baholangan. 

Mart oyida FTX kriptobirjasi asoschisi Sem Benkman-Frid Qo‘shma Shtatlarda 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U mijozlar pulini o‘g‘irlashda aybdor deb topildi. Bankrot bo‘lishdan oldin ushbu birja Binance birjasining asosiy raqobatchilaridan biri edi.

Top