18:41 / 01.05.2024
5191

UzAuto Motors'ning sof foydasi 4,75 barobarga oshdi

Joriy yil birinchi choragida UzAuto Motors'ning sof foydasi 1,29 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,75 barobarga ko‘p. Kompaniya daromadlarining oshishiga yalpi foyda miqdorining xarajatlarga nisbatan sezilarli ko‘paygani ta’sir ko‘rsatgan. 

2024 yilning birinchi choragida UzAuto Motors'ning sof foydasi 1,29 trln so‘mi tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 4,75 barobar (272,5 mlrd so‘m), 2022 yil bilan taqqoslaganda esa, 2,8 barobarga (460,5 mlrd so‘m) ko‘proq.

Hisobot davrida kompaniya daromadi 11, 69 trln so‘mni, ishlab chiqargan mahsulotlari tannarxi esa 9,3 trln so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yilning yanvar-mart oylari bilan taqqoslanganda, umumiy daromad 31,4 foizga, ishlab chiqarish tannarxi esa 20,8 foizga oshgan.

O‘z navbatida mahsulotlarni sotishdan olingan yalpi foyda 1,18 trln so‘mdan 2,38 trln so‘mgacha ko‘paygan. Xarajatlar esa 1,03 trln so‘mdan 1,05 trln so‘mga yetgan.

UzAuto Motors 2022 yilning birinchi choragida 115 mlrd so‘m, 2023 yilda 54,2 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 223 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq, o‘tgan yilda UzAuto Motors 4 mlrd 852 mln dollarlik 369 ming 999 dona avtomobil ishlab chiqargani va uning O‘zbekiston avtomobil bozorining ulushi 81,1 foizni tashkil etgani xabar qilingandi.

Top