Jahon | 09:25 / 03.05.2024
3554
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda ziravorlar aralashmasida zaharli moddalar mavjudligi sababli tekshiruv o‘tkazilyapti

Ikki yirik ziravorlar ishlab chiqaruvchisi mahsulotlarida etilen oksidi aniqlangan. U kanserogen va mutagen ta’sirga ega kuchli zahar.

Foto: Sharafat Ali/REUTERS

Hindistonning Oziq-ovqat xavfsizligi va standartlari boshqarmasi (FSSAI) mamlakatdagi barcha ziravorlar va ziravorlar ishlab chiqaruvchilarni tekshirishni boshlashini ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters 2 may, payshanba kuni. Bu ikki yirik ziravorlar ishlab chiqaruvchi MDH va Everest kompaniyalari mahsulotlarida kanserogen, mutagen va giyohvandlik ta’siriga ega kuchli zahar bo‘lgan etilen oksidi aniqlangani bilan bog‘liq bo‘lib, ularning aralashmalari ko‘plab mamlakatlar bozorlariga yetkazib beriladi.

Hind ziravorlari aralashmalarida etilen oksidi bo‘lishi mumkinligi haqidagi birinchi xabarlar aprel oyi boshida Hongkong va Singapurdan kelgan. Zaharli moddaning yuqori miqdori, xususan, mashhur ziravorlar - karri va garam masala aralashmalarida topilgan. Shundan so‘ng, bu ziravorlar Hongkong va Singapurda sotuvdan olib tashlandi. Aprel oyining oxirida Avstraliya va Yangi Zelandiyada hind ziravorlarini tekshirish boshlandi. Amerika regulyatorlari ham ma’lumot yig‘moqda. 

Hindistonda keng ko‘lamli tekshiruvlar 

Hongkong va Singapurdan kelgan xabarlardan so‘ng, Hindistonning FSSAI boshqarmasi MDH va Everest ishlab chiqarish obektlarini tekshirishni boshladi. Endilikda bo‘lim ziravorlar ishlab chiqaruvchi barcha korxonalarning ishlab chiqarish joylarida namunalar oladi va keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazadi. «Har bir mahsulot sifat va xavfsizlik standartlariga muvofiqligi bo‘yicha tahlil qilinadi», deb ta’kidladi FSSAI.  

Hindiston dunyodagi eng yirik ziravorlar ishlab chiqaruvchisi, iste’molchisi va eksportchisi hisoblanadi. Zion Market Research ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston ziravorlar bozori 10,5 milliard dollarga baholanadi.

Mavzuga oid