08:29 / 03.05.2024
3633

Qozog‘iston IIV sobiq rahbari Turg‘umbayev ikki oyga hibsga olindi

2022 yilgi tartibsizliklar bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingan Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri ikki oyga hibsga olindi. Yerlan Turg‘umbayev o‘z vakolati va mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda.

Foto: AA/picture alliance

Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umbayev ushlanganining ertasiga sud qarori bilan hibsga olindi. Respublika Bosh prokuraturasining 2 may, payshanba kuni e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, 30 aprel kuni Ostona ixtisoslashtirilgan tergov sudi sobiq vazirga nisbatan ikki oy muddatga hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga ruxsat bergan.

Matbuot uchun xabarda qayd etilishicha, Turg‘umbayevning hibsga olinishiga oid boshqa ma’lumotlar Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasiga muvofiq oshkor etilmaydi, unda tergovga qadar surishtiruv ma’lumotlarini ochiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yerlan Turg‘umbayev 29 aprel kuni qo‘lga olindi. Ushlash «2022 yil yanvar oyi voqealari bo‘yicha jinoiy ishlarni tergov qilish doirasida» amalga oshirilgan. Turg‘umbayev og‘ir oqibatlarga olib kelgan hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Prokuratura «jinoyat ishida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bor» deb, dastlabki tergovning boshqa ma’lumotlarini oshkor etmadi.

Turg‘umbayev Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligini 2019 yil fevralidan boshqargan va yanvar voqealaridan ko‘p o‘tmay – 2022 yilning 25 fevralida ishdan bo‘shatilgan edi. Keyin, taxminan, olti oy davomida, 2022 yil 17 avgustgacha u prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning maslahatchisi, 2013 yildan esa - Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) maslahatchisi sifatida qayd etilgan.

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istondagi namoyishlar

2022 yil boshida Qozog‘iston janubi-g‘arbidagi Janao‘zen shahrida gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar boshlandi. Namoyishlar tez orada butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy va siyosiy talablar bilan ommaviy norozilik namoyishlariga aylandi. Ba’zi viloyatlarda 5 yanvarga o‘tar kechasi ma’muriy binolar, politsiya bo‘limlari va do‘konlarga hujumlar uyushtirildi. Qozog‘istonning eng yirik shahri - Olmaota eng ko‘p zarar ko‘rdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar davomida 225 kishi, jumladan, 19 huquq-tartibot idorasi xodimi halok bo‘lgan, 4500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Birgina sobiq poytaxtning o‘zida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar bo‘yicha 2700 dan ortiq odam qo‘lga olingan. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. 6 yanvar kuni uning iltimosiga ko‘ra, «terrorchilik tahdidini yengish» uchun qurolli kontingent Qozog‘istonga yetib keldi. Yanvar oyi o‘rtalarida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti qo‘shinlari bo‘linmalari Qozog‘istonni tark etdi.

2023 yil martida Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanovga nisbatan 2022 yil yanvaridagi qonli tartibsizliklar bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan edi. U jangovar vaziyatda mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 2023 yil 24 aprel kuni Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Top