14:08 / 05.05.2024
13031

Holand poker qildi - ammo maydonni norozi holda tark etdi. APLda kun o‘yinlari

Angliya chempionatida chempionlik poygasi davom etmoqda, «Arsenal» hamon birinchi, ammo «Manchester Siti» - favorit. 

Angliya chempionligi uchun da’vogarlarning ikkisi ham yirik hisoblarda g‘alaba qozondi

«Arsenal» — «Bornmut» 3:0
Gollar
: Saka (45, penalti), Trossar (70), Rays (90+7). 
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Tomiyasu, Parti, Edegor, Rays, Haverts, Trossar (Martinelli, 81), Saka (Jyezus, 86).
«Bornmut» – Trevers, Smit (Aarons, 89), Senesi (Unal, 80), Zabarniy, Kristi, Kuk, Skott (Billing, 71), Uattara, Klyuyvert (Fevr, 89), Solanke, Semenio.
Ogohlantirishlar: Skott (21), Parti (59), Haverts (60), Smit (84), Kristi (90+5).

Bahorning birinchi oyida APLda chempionlik poygasi ishtirokchilaridan biri bo‘lgan «Liverpul» aprel oyi oxiriga kelib «Everton» (0:2) va «Vest Hem» (2:2) bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotib, amalda poygadan chiqib ketdi.

Natijada navbatdagi tur oldidan «kanonirlar» — «Manchester Siti» gegemonligiga barham berish imkoniyatini saqlab qolgan yagona jamoa bo‘lib qoldi. Xato qilishga haqqi yo‘q bo‘lgan londonliklar bu mavsumda ham turnir jadvali markazida barqaror qolayotgan «Bornmut»ga qarshi o‘yinni katta ishtiyoq bilan boshlashdi va total ustunlikka ega bo‘lishdi. Dastlabki 45 daqiqalikning o‘zida darvoza tomon 16 bor zarba berilishi (raqibda faqat bitta) va kutilgan gollar bo‘yicha 3,98 xG ko‘rsatkichi qayd etilishi Arteta shogirdlari bir necha bor o‘ta qulay pozitsiyalardan xato zarba berganini ko‘rsatadi. Va faqat bo‘lim oxirlarida Haverts jarima maydonida yiqilganidan keyin belgilangan penaltini Saka aniq ijro etib, hisobni ochdi.

Tanaffusdan keyin mezbonlar to‘pga egalik qilishda u qadar katta ustunlik ko‘rsatishmadi, ammo hisobni o‘zlari uchun qulay ko‘rinishga keltirishdi: Leandro Trossar Deklan Raysning pasidan keyin aniq va kuchli zarba berdi, o‘yin oxirida esa Rays markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lib, olis burchakni aniq nishonga oldi – 3:0.

«Arsenal» hamon benuqson ko‘rinmoqda – APLdagi so‘nggi 16 o‘yindan 14 tasini o‘z foydasiga hal qildi, bu vaqt oralig‘idagi to‘plar nisbati – 51:8. Faqat «Aston Villa» (0:2) va «Manchester Siti» (0:0) bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotdi. Bu turdagi raqib ham kuchsiz emasdi – «Bornmut» bu o‘yinga so‘nggi to‘qqiz o‘yinidan oltitasida g‘alaba qozongan holda yetib kelgandi, ammo «Arsenal»ning bosimiga bardosh berolmadi.

David Rayya mavsum yakunlariga ko‘ra «Oltin qo‘lqop»ni olishi aniq bo‘ldi, u barchadan ko‘p marta o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan – 29 o‘yindan 15 tasida. Eng yaqin ta’qibchi – yettita ko‘proq o‘yin o‘tkazgan Jordan Pikford (unda hozir 12 ta, maksimum 14 bo‘ladi) bo‘lib turibdi.

«Arsenal» bu mavsumdagi 26 o‘yinda g‘alabaga erishgan – bu o‘tgan mavsumdagi barcha g‘alabalar soniga teng. 1930/31 yillar mavsumidagi natija bilan tenglashish mumkin (28 ta bo‘lgandi), 1970/71 yillar mavsumidagi rekord bilan esa – yo‘q, o‘shanda 29 o‘yinda g‘alabaga erishilgandi.

Het-triklar uchun stadion

«Manchester Siti» — «Vulverhempton» 5:1
Gollar:
Holand (12 penalti, 35, 45+3 penalti, 54), Alvares (85) — Hvang Hi Chhan (53).
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ake (Stounz, 69), Akanji, Gvardiol, Kovachich, de Bryuyne (Mateush Nunesh, 79), Bernardu Silva (Doku, 80), Rodri, Foden (Grilish, 80), Holand (Alvares, 82).
«Vulverhempton» – Joze Sa, Ait-Nuri, Semedu, Kilmen, Gomesh, Bueno (Bueno, 71), Lemina (Bellgard, 46), Traore, Gomes, Hvan Hi Chhan (Chireva, 87), Mateus Kunya (Sarabiya, 76).
Ogohlantirishlar: Lemina (41), Semedu (45+2), Traore (64), Gomes (66).

«Siti» ham o‘z o‘yinini hal qildi va qatorasiga oltinchi g‘alabani nishonladi. Pep shogirdlari uchun bu osonroq kechdi – «Vulverhempton» bilan o‘yinning tanaffusigacha tabloda Holandning gollaridan keyin 3:0 hisobi porlay boshladi, u shundan ikki golni penaltidan urdi. Ikki penalti orasida u bosh bilan ham aniq zarba berdi (bu uning 2023 yil oktyabridan buyon ilk bor bosh bilan gol urishi bo‘ldi). Bu «Etihad» tarixidagi o‘ttizinchi het-trik — APLning eng sermahsul arenasi. U ligada dastlabki 45 daqiqa ichida uch gol urgan uchinchi futbolchi — Maykl Ouen va Endi Kouldan keyingi.

54-daqiqada norvegiyalik aylanma zarbasi bilan uzoq burchakni aniq nishonga olgan holda pokerni nishonladi – bu Edersonning to‘pga chiqishdagi xatosidan keyin hisobni qisqartirgan Hvang Hi Chhanning golidan bir daqiqa o‘tmay ro‘y berdi – 4:1.

U «Siti»ning sobiq futbolchisi Gabriel Jyezusning natijasini yaxshilay olmadi, braziliyalik hujumchi o‘z vaqtida poker uchun 53 daqiqa sarflagandi.

Penta-trikning hidi kela boshlagandi, bu uning uchun mavsumdagi ikkinchisi bo‘lishi mumkin edi (fevralda skandinaviyalik hujumchi kubok o‘yinida «Luton» darvozasiga beshta gol yo‘llagandi), ammo bunga ikki kishi yo‘l qo‘ymadi. Avvaliga — «Vulverhempton» darvozaboni Viktor Sa to‘sin ostiga kirayotgan to‘pni qaytarib qoldi. Keyin — 82-daqiqada o‘z merganini maydondan olishga qaror qilgan Xosep Gvardiola.

Holand bundan juda norozi bo‘ldi. U o‘zini o‘tgan turda Saloh bilan bo‘lgan vaziyatdagi tutmadi, ammo norveg tilida biroz so‘kindi.

Ammo o‘yindan keyin Sky efirida chempionlik poygasi haqidagi savolga javoban Erling yuzida tabassum bilan shunday dedi: «Ortimda turgan odam eng yomon murabbiy emas».

Norvegiyalik o‘rniga tushirilgan Alvares esa darhol o‘z golini urib, amalda o‘yinga nuqta qo‘ydi. 

Holand 25 gol bilan APL to‘purarlari ro‘yxatida eng yaqin ta’qibchilari Aleksander Isak va Koul Palmerni (har ikkisi 20 tadan) ortda qoldirib ketgan. Bu mavsumda 27 o‘yinda 25 gol, o‘tgan mavsumda 35 o‘yinda 36 gol. Grafik o‘xshash.

«Siti» hamon yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha oldinda, ikki jamoada ham hali supermatchlar bo‘ladi

Turnir jadvali mavsum yakunlanishi arafasida shunday ko‘rinish olgan. «Siti» pastroqda, ammo bir zaxira o‘yiniga ega.

  • «Arsenal»ning o‘yinlari: «MYu» (safar), «Everton» (uy).
  • «Siti»ning o‘yinlari: «Fulhem» (safar), «Tottenhem» (safar), «Vest Hem» (uy).

Avvaliga 11-13 may kunlari 37-tur o‘tkaziladi, keyin uchta qoldirilgan o‘yin (jumladan, «Tottenhem» – «Manchester Siti» o‘yini ham). So‘nggi tur 19 mayga belgilangan.

Top