14:50 / 10.05.2024
6949

“Mashinalarni stikerlash shahar uchun foydali ekanini odamlar tushunishi lozim”: Germaniya tajribasi haqida

Ekologiyasi tobora yomonlashayotgan shaharlar uchun hududlarni toifaga ajratib, avtomobillarni stikerlash muammolarni bir qadar minimallashtiradi. Buning muhimligi odamlarga tushuntirilishi, hukumat esa stiker olish tartibini osonlashtirishi kerak. Germaniya tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, shaharlarni toza saqlab qolish uchun ekostikerlarni qo‘llash bu – eng samarali yo‘l, deydi Germaniyaning "TÜV SÜD" kompaniyasining yangi texnologiyalar va barqaror xizmatlar bo‘yicha direktori Paskal Mast Kun.uzʼga bergan intervyusida.

O‘zbekistonda avtomobillar ekologiyaga zarari darajasidan kelib chiqib “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga bo‘linadi. Xuddi shunday, shaharlardagi hududlar ham uchta toifaga bo‘linib, atrof-muhitga zarari yuqori avtomobillarning muayyan zonalarga kirishi cheklanadi.

Hukumatning shu yil 29 martdagi "Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarori bilan yangi tartib 1 iyundan kuchga kiradi. Germaniya 2008 yildan boshlab bir qancha shaharlarida stikerlash tizimini joriy qilgan, hozirda bu tizimda ishlayigan shaharlari soni 40 taga yetgan.

Xo‘sh, ekoinqirozga yuz tutayotgan Toshkent shahri uchun bu samarali yechimmi? Yangi tartibga og‘riqsiz o‘tish uchun qanday choralar ko‘rilishi kerak? 

Kun.uz Germaniyaning “TÜV SÜD Auto Service” kompaniyasi yangi texnologiyalar va barqaror xizmatlar bo‘yicha direktori Paskal Mast bilan shular haqida suhbatlashdi.

– Janob Mast, sizni studiyamizda ko‘rganimizdan xursandmiz. Dastlab men tizimning zarurligi haqida so‘ramoqchiman. Janob, Germaniyada ekostikerlar tizimiga ehtiyoj nima sababdan yuzaga kelgandi?

– Taklifingiz va muhim mavzuni olib chiqqaningiz uchun rahmat. Savolga kelsak, bir necha yil oldin Germaniya shaharlarida havo ifloslanish darajasi ancha yuqori edi. Shuning uchun, ayniqsa, havo tarkibida uni ifloslovchi birikmalar, azot oksidi va shunga o‘xshash boshqa zarrachalar miqdori ortib ketgandi. Odamlar shaharda toza havo va sog‘lom muhit bo‘lishi uchun nima qilish kerakligiga oid savolni o‘rtaga tashlay boshlashdi.

Shundan kelib chiqib, JSST tomonidan havo ifloslanishining chegarasi bo‘lishi lozimligi aniqlandi va nima qilish zarurligi o‘ylanganda shu tizim ishlab chiqildi.

– O‘zbekistonda bu tizim bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilandi. Dastlab Toshkent shahrida 2026 yilgacha. Mazkur tizim Germaniyada qanday bosqichda va necha yilda amalga oshirilgan?

– Biz bu tizimni 2008 yildan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshirganmiz. Dastlab stikerlash jarayoni poytaxt shahar Berlinda boshlangandi. Keyin esa hududlar kengayib, tobora ko‘proq shaharlarni qamrab olishni boshladik. Bugungi kunga kelib ularning soni 40 taga yetgan. Har yili qolgan shahar ma’muriyatlari o‘zlariga savol beradi, biz ham bunday tizimni joriy etishimiz kerakmi yoki yo‘q, deb.

Lekin umumiy olganda bunga biroz vaqt, bir necha yil kerak bo‘ladi. 2008 yilda boshlangan tizimimiz uchun jami 4 yilni sarflaganmiz.

– Ekostiker tizimini Germaniyada joriy etishda qanday choralar ko‘rilgan. Bu jarayonda jamoatchilik munosabati o‘rganilganmi, odamlar bu yangilikka qanday munosabat bildirishgan? Va uning ilmiy asosi haqida ham gapirib o‘tsangiz.

– Albatta, muammoning sababi va uning dolzarbligi haqida aholiga tushuntirish muhim. Birinchi navbatda biz muammoni aniqlab oldik, qaradik, “ha, havo ifloslanishi yuqori”, odamlarga bu haqda ma’lumot berdik, shundan keyin tizim joriy etilishi boshlandi. So‘rashlari mumkin, bu bilan ifloslanishni 0 darajaga tushirsa bo‘ladimi? Shubhasiz, yo‘q. Bu bilan mutlaq toza havoga erishib bo‘lmaydi, lekin joriy qilinadigan tizim buni ancha minimallashtirishi mumkin. Bu borada juda ko‘p muhokamalar qildik, yakuniy xulosada stikerlash tizimini yo‘lga qo‘yadigan bo‘ldik.

Tizimning ishlashini tushuntirsam, Yevropa bu borada yaxshi tajribaga ega. Siz mashinangizni ro‘yxatdan o‘tkazib, tekshirtirasiz. Mana shu jarayonda uning havoni zaharlovchi moddalari va ifloslanish darajasi o‘rganiladi. Unga ko‘ra, emissiya darajasi Yevro-1 standartidan Yevro-6 standartgacha baholanishi kerak. Yevro-1 bo‘lsa, avtomobilingiz juda eskiligidan, Yevro-6 esa yangi ekanidan darak beradi. Keyin mashingangiz turidan kelib chiqib, taqdim qilinadigan chipli stikerga qarab, transportni haydashingiz mumkin yoki mumkin emasligi aniq bo‘ladi.

Ishning ilmiy asosiga kelsak, bu tizim JSSTning ilmiy tadqiqotiga asoslangan. Havo ifloslanishiga oid chegaralar qo‘yila boshlangach, biz birinchi galda shaharlarda havo sifatini monitoring qiladigan qurilmalarni o‘rnatishni boshladik. O‘rganishlar davomida ba’zi nuqtalarda bo‘shliqlar ham yuzaga keldi, odamlarning birmuncha e’tirozi ham kuzatildi. Ammo muammoga qarshi bosqichma-bosqich ekologik toza yechimlarni tatbiq qila oldik, sog‘lom zonalar yaratildi.

– Germaniya tajribasidan kelib chiqib, tizimga og‘riqsiz o‘tish uchun O‘zbekistonga qanday yumshoq yechimlarni taklif qilgan bo‘lardingiz?

– Jarayonda 2 ta nuqta juda muhim deb o‘ylayman. Birinchisi, buning sababi nimada ekani, maqsadini aniqlab olish va uni xalqqa yetkazishdir. Ikkinchisi, yangi tizimni tatbiq qilish hamda uni moslashtirish uchun biroz vaqt berishdir. Yangilikni hech qachon ertaga amalga oshiramiz deyish kerakmas. Ma’lum vaqt davomida odamlarga ma’lumot olish va munosabat bildirish imkoniyatini berish zarur.

Albatta, kommunikatsiya va tartibni aytib o‘tdim. Yuqorida siz 2026 yilgacha yangi tizimga tayyor bo‘lish kerakligini aytdingiz, aynan shu davr odamlar bilib olishi uchun muddatdir. 

– Eski avtomashinalarni utilizatsiya qilish, uni yangisiga almashtirish qanday o‘tishi kerak, sizningcha?

– Bu bo‘yicha Germaniya tajribasini aytib bera olaman. O‘sha vaqtlarda hukumatimiz yaqin istiqbolni yangi avtomobillarni sotib olishni tezlashtirishimiz kerak deb ko‘rishdi. Jarayonda 2 ta tizim joriy qilindi. Birinchisi: yangi mashina sotib olsangiz, yo ma’lum miqdorda qo‘shimcha pul olasiz, yo ikkinchi yo‘l – shaharda mashina uchun chegirmali soliq to‘laysiz. Shunday qilib odamlarda savol tug‘ila boshladi: nega men avtomobilda faqat o‘zim yurib, xarajatga tushishim kerak, shunday bo‘lishi mumkinmi?

Shu bilan biz o‘ylagan tizim ishladi va aholi, men mashinani faqat o‘zim haydashim kerakmi yoki yo‘q, deya g‘oyalarini birlashtirdi va avtobus, metro yoki boshqa qulay alternativlardan foydalanishni boshladi. Yakunda turli tizimli kombinatsiyalar samara berdi.

– Hududlar bo‘ylab harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar kameralar orqali boshqarilsa, hududlarga beriladigan maqom ham doimiy o‘zgarib turishi mumkin. Shuni hisobga olsak, muammoli vaziyatlar ko‘payib ketmaydimi?

– Biz shaharlarimizda kameralardan foydalanmaymiz, agar mashina to‘xtab turgan bo‘lsa, uning stikerini yo‘l xizmati xodimi tekshiradi. Bunda zonalarning toifasi tez-tez o‘zgarmaydi, ular stabil bo‘lib qoladi. Odamlar ham qaysi biri yashil yoki sariq ekanini, qaysi toifadagi stiker bilan yurish mumkinligini yaxshi bilishadi.

Agar kameralardan foydalanish kerak deb hisoblansa, uni juda puxta, tizimli ishlab chiqish kerak. Tizimning ishlashi talablarga javob bersa, zonalar toifasini tez-tez o‘zgartirmaslikni ham tavsiya qilgan bo‘lar edim.

– Buning nazorat mexanizmini batafsil tushuntirib berolasizmi?

– Xo‘p, yuqorida aytganimdek, avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilib, tekshirilib, kerakli stikerga ega bo‘lgach, u qaysi hududlarda harakatlana olishi haqida ma’lumotlar bo‘ladi, ya’ni “qizil”, “sariq” yoki “yashil” joylarda yurish, yura olmaslik aytiladi.

Aytaylik, haydovchi biror hududga mashinasi bilan kirdi, ammo unda noto‘g‘ri stiker bo‘lsa, “parkovka” qilingan vaqtda politsiya xodimi tomonidan jarimaga solinadi. Hozirgi kunda bu summa bizda 80 yevroni tashkil qiladi.

– Yana bir qiziq savol: deylik, bir kishi yashil hududda yashaydi, lekin eski avtomobil haydaydi. Yashil hududda eski mashinani haydash esa jarimaga sabab bo‘ladi. Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak? Germaniyada shunday holatlarga qanday yechim qilingan?

– Biz nafaqat transport vositalarini, balki avtobus yoki metrolarni ham hisobga olganmiz. Albatta, odamlarga chegara qo‘yganga yarasha, qo‘shimcha yechimlarni ham taklif qilish kerak. Bo‘lmasa, yanayam kattaroq muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Agarda bizda haydovchi mashinasini biror hududgacha haydab kelsa va ma’lum bir chegaradan boshlab joyga kirishi mumkin bo‘lmasa, o‘sha yerda avtomobilni qoldirib, qolgan manzilgacha avtobus, metro yoki boshqa transport vositasida yetib olishni tavsiya qilganmiz. Menimcha, bu bir nechta transport tizimlarini uyg‘unlashtirib, tizimli ishlatishda juda yaxshi yechim deb o‘ylayman.

Bu – yaxshi tizim, chunki odamlar ko‘ryapti: u samarali. “Shahrimning havosi toza, barcha odamlar bundan xursand. Mayli, men shaharda avtobusdan yoki metrodan foydalanib, avtomobildan biroz cheklanaman”, deyishi mumkin. Odatda har bir kishi o‘zi yashayotgan shaharning toza va sog‘lom, do‘stona ekanidan xursand bo‘ladi.

– Hududlarga qo‘yilgan datchiklar ko‘rsatkichlariga ko‘ra, hudud maqomi onlayn o‘zgarib turishi aytilyapti. Haydovchi eski avtomashinada qizil hududda harakatlanayotgan edi, lekin hudud maqomi o‘zgarib qoldi. Shunda haydovchi qanday yo‘l tutishi kerak? Hududni zudlik bilan tark etadimi?

– Odatda toifa haqidagi bunday onlayn ma’lumotlarni kuzatish ko‘proq harakat talab qiladi. Bu zonaning bir yoki bir necha kun o‘zgarib qolishi haqida emas, masalan, zona “sariq” bo‘lsa, faqat shu stiker bilan yura oladi. Agar jarayonda chegaradan oshib ketayotgani ma’lum bo‘lsa, savol berilishi kerak: biz nima qila olamiz? Va keyin transport vositalari sonini kamaytirishga urinish lozim, bu odamlarga tushunarli bo‘lishi kerak.

– Ekologiyani yaxshilash uchun ekostikerlar tizimi bilan birgalikda yana qanday amaliy ishlar qilinishi kerak?

 – Odamlar stikerlarni olishlari muhim, shuning uchun ro‘yxatdan o‘tish, stikerni olish jarayoni osonlashtirilishi kerak. Avtomobilning emissiya darajasini ko‘rsatuvchi stikerni olgach, qaysi hududlarga kirish, kira olmaslik aniq bo‘lishi zarur. Deylik, men qizil stikerli transport vositasidan foydalanib, “yashil” hududga o‘tsam, hududdan chiqayotganimda jarimani to‘lashim kerakligini bilishim lozim, to‘lovni ongli ravishda amalga oshirishim kerak. 

Yangi tizim ishga tushgach, odamlar avtomobilini almashtirishga yoki jamoat transportidan foydalanishga majbur bo‘lishi mumkin. Lekin bilishsinki, bu – eng samarali yo‘li. Chunki tizimning samaradorligi yuqori. Masalan, tizimni Myunxen, Frankfurt yoki Berlin kabi katta shaharlarda joriy qilishimizdan oldin yiliga ellik kundan ko‘proq vaqtda hududlar havosi ifloslanardi. Stikerlashni yo‘lga qo‘yganimizdan keyin bu ko‘rsatkich yiliga 1-2 yoki uch kunga tushdi. Natijada havomiz atigi bir necha kungina ifloslanadigan bo‘ldi. Odamlarga yillar oldingi 15 kunlik ifloslanish bilan, hozirgi ikki yoki uch kunligini ko‘rsatish kifoya.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Top