Jahon | 21:14 / 10.05.2024
25798
10 daqiqa o‘qiladi

Xarkiv oblasti chegarasida vaziyat keskin yomonlashdi - bu haqda nimalar ma’lum?

Rossiyalik harbiylar Xarkiv oblastida yangi yurish boshladi. Chegaradagi shahar va qishloqlar aholisi evakuatsiya qilinmoqda. Yangi yo‘nalishdagi hujumdan maqsad «bufer zona» tashkil etish bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Rossiya qo‘shini 10 may kuni Xarkiv oblastining chegaradosh hududlarida hujumga o‘tdi. Juma kuni tongda ikki tomonning harbiylashgan telegram-kanallarida Rossiya qo‘shini Belgorod oblasti tomondan Ukrainaning chegaradagi qishloqlariga kirib kelishga urinayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

«Xarkivga: Rossiya armiyasi chegaradan yurish boshladi», — deb yozgan rossiyalik propaganda resursi Colonelcassad.

«Bugun erta tongda Xarkiv va oblastdagi obektlar bo‘ylab faol raketa-artilleriya va bomba zarbalariga start berildi. Shuningdek, RF qurolli kuchlari quruqlik qismlari Xarkiv oblastining Chuguyiv rayoni Volchansk shahri yo‘nalishida faollashgani haqida xabarlar kelmoqda», — deya yozgan «Voyenniy osvedomitel» harbiylashgan telegram-kanali ham.

Chegaradagi vaziyat keskinlashganini dastlab Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov tasdiqladi: u rossiyaliklar region shimolini o‘qqa tutishni kuchaytirganini va diversiya-razvedka guruhlari chegaradan o‘tish uchun muvaffaqiyatsiz urinishlarni amalga oshirishganini ma’lum qildi.

«Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalarni ishonch bilan ushlab turibdi: bir metr ham boy berilgani yo‘q. Raqib guruhi Xarkiv uchun tahdid solmayapti, uning kuchlari faqat shimoliy yo‘nalishda provokatsiya qilish uchun yetadi», — degan Sinegubov.

Xarkivda xususiy sektor o‘qqa tutilishidan keyin chiqqan yong‘inni o‘chirish uchun kelgan o‘t o‘chiruvchilar navbatdagi zarba xavfi tufayli yerto‘laga yashiringan. 2024 yil 10 may
Viacheslav Mavrychev / Suspilne Ukraine / JSC «UA:PBC» / Global Images Ukraine / Getty Images

Ko‘p o‘tmay Ukraina mudofaa vazirligi ham bayonot berdi. Vazirlik o‘tgan kun mobaynida raqib Volchansk yo‘nalishida boshqariluvchi aviabombalarni qo‘llagan holda zarbalar yo‘llagan, tunda esa mudofaaning oldingi marralarini artilleriyadan o‘qqa tutgan. 

«Ertalabki soat 5 larda raqib zirhli texnikalar orqali bizning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga urinishni amalga oshirdi. Ayni vaqtga kelib hujumlar qaytarilgan, ammo turli intensivlikdagi janglar davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Ushbu hududda mudofaani kuchaytirish uchun zaxira bo‘linmalar yo‘naltirilgan.

Xarkiv oblastida «shiddatli jang ketayotgani» haqida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bayonot berdi. U rossiyaliklarning yurishi artilleriya zarbalari bilan to‘xtatilganini ta’kidladi.

Ukrainlarning DeepState tahliliy portaliga ko‘ra, tundagi yurish ikkita uchastkada boshlangan: Strelka-Krasnoye-Pilnaya-Borisovka qishloqlari hududida (ushbu aholi yashash manzillari chegaraning Xarkivga yaqin tomonida joylashgan), to‘g‘ridan to‘g‘ri Xarkiv tomonga, shuningdek, ruslar sharqda, Volchansk shahri atrofida joylashgan Gatishche va Pletenevka qishloqlariga «kirishga va o‘rnashib olish»ga urinmoqda. DeepState tomonidan operativ tarzda yangilab boriladigan harbiy harakatlar xaritasida Rossiya armiyasi birinchi uchastkada tezlik bilan oldinga siljigani aks etgan. Loyiha ma’lumotiga ko‘ra, ukrain harbiylari rossiyaliklarning Pilnaya tomondan kelib, oblast ichkarisiga harakatlanishga uringan uchta harbiy texnikasini yakson etgan.

Ukrainadagi manbalar tasdiqlashicha, Rossiya hozircha ancha ichkari kirib borish uchun zarur bo‘ladigan miqdordagi kuchlarni harakatga keltirmagan, ammo kelgusida shunday bo‘lishi istisno qilinmaydi. Volodimir Zelenskiy ham shunga e’tibor qaratgan: «Muhim jihati, ular bu yo‘nalishdagi guruhini ko‘paytirishi va qo‘shimcha kuchlar olib kelishi mumkin, bu fakt, ammo bizning harbiylarimiz, harbiy qo‘mondonlik bu haqda biladi va dushmanni o‘t bilan qarshi olishga tayyorlangan».

Rossiya mudofaa vazirligi bu yurish borasida hozircha izoh bermadi.

Ukraina armiyasi Rossiya bilan chegarani rossiyaliklar ukrainlarning 2023 yil yozidagi qarshi hujumi arafasida qo‘llagan uslubda himoyalagan. Foto: Reuters

Evakuatsiya

Bu hujum Xarkiv oblastining chegara yaqinidagi hududlarini o‘qqa tutish kuchaytirilishi fonida amalga oshirildi. Ayniqsa chegaradan besh kilometr, Belgorod oblastining Shebekino shahridan taxminan 10 kilometr masofada joylashgan Volchansk shahri zarbalardan jiddiy aziyat chekmoqda. 10 may kuni kunduzi Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov so‘nggi zarbalar oqibatida Volchanskda bir kishi halok bo‘lib, besh kishi jarohatlanganini ma’lum qildi; Cherkasskiye Tishki qishlog‘ida yana bir kishi o‘limi qayd etilgan. Avvalroq tungi zarbalar vaqtida Xarkiv shahrida va Lipsi qishlog‘ida jarohatlanganlar borligi haqida ma’lumot berilgandi. 

Volchansk hududiy ma’muriyati boshlig‘i Tamaz Gambarishvili «Gromadskomu radіo»ga bergan intervyusida aytishicha, rossiyaliklarning zarbalari kuchaygani tufayli rasmiylar Volchansk va unga qo‘shni hududlar aholisini ixtiyoriy asosda evakuatsiya qilishga kirishgan.

«Biz hozir istovchilarni evakuatsiya qilyapmiz. Asosiy qatlamni... hozir odamlar o‘z avtotransport [vositalari]da ketmoqda, ammo biz gumanitar markaz bilan o‘zi mustaqil ravishda keta olmaydiganlarni olib chiqishni tashkil etmoqdamiz», — degan u.

Gambarishvilining ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Volchanskda 3 mingga yaqin odam istiqomat qiladi (Urushga qadar shahar aholisi 17 ming atrofida bo‘lgan).

Gambarishvilining so‘zlariga ko‘ra, yopirilma zarbalar o stida qolgan Volchansk va uning atrofidagi aholi yashash manzillaridagi odamlar Xarkivga olib ketilmoqda.

«Hozirda shahar yoppasiga o‘qqa tutilmoqda. Mahalliy aholi vakillari bunaqasiga hali guvoh bo‘lishmaganini aytishmoqda. Aholi yashash punktlari, shahar to‘liq o‘qqa tutilmoqda. Shuning uchun bu yerlarda qolish xavfli», — degan u.

Gambarishvilining aytishicha, Volchansk o‘qqa tutilishi muntazam ro‘y beradi, ammo jumaga o‘tar kechasi soat uchlarda o‘qqa tutish keskin kuchaygan. Rossiyalik harbiylar bir vaqtning o‘zida baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, artilleriya va boshqariluvchi aviabombalarni qo‘llamoqda.

U zarbalar oqibatida shaharda ko‘plab vayrongarchiliklar kuzatilayotgani haqida aytgan, ammo qurbonlar va yaralanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.

Bufer zona

Harbiy ekspert Mixail Jiroxov Xarkiv oblastidagi so‘nggi voqealar yuzasidan munosabat bildirdi. «Aftidan, so‘nggi haftalarda aytib kelingan ish — Xarkivga yurish — boshlandi…» — deya yozgan u feysbukda.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Ondriy Kovalenko rossiyaliklarning Xarkiv oblastida bu taxlit faollashuvi prognoz qilingani, ammo bu Xarkiv tomon katta yurish emasligini aytgan.

«Bu harakatlar oldindan kutilgandi. Dushmanda chegara hududlarida vaziyatni keskinlashtirish uchun resurslar bor, bu haqda oldin aytilgandi. Buni Xarkivni qo‘lga kiritish salohiyati bilan adashtirib yubormaslik kerak, unday salohiyat yo‘q», — deya yozgan u telegramda va «hozirda bu mavzu bo‘yicha ko‘plab yolg‘on xabarlar tarqalishi»ni qo‘shimcha qilgan.

Rossiyaning «Shimol» qo‘shinlar guruhi bufer zona tashkil etish bo‘yicha topshiriqni bajarishga kirishdi, deb yozgan rossiyaliklarning «Rybar» harbiy kanali muallifi Mixail Zvinchuk.

Ko‘rinishidan, gap ukrain qismlarini chegaradan ular Belgorod bo‘ylab artilleriyadan zarba berishiga imkon qoldirmaydigan masofada surib tashlashga urinish haqida ketmoqda, chegaradagi ukrain harbiylari baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali 40 km masofaga zarba berib kelmoqda.

Zvinchukning fikricha, front chizig‘i hududidagi harbiy harakatlarni keng ko‘lamli yurish sifatida tasniflash — «biroz noto‘g‘ri»: «Gap faqat muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgan razvedka janglari haqida bormoqda».

«Agar xaritaga qaralsa, janglar hududi ayrim uchastkalarda 2-3 kilometr ichkariga kengaygan. Chegaradagi qishloqlar to‘lig‘icha Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgani haqida gapirishga hali erta», — deya yozadi Zvinchuk.

Yuqori martabali ukrain harbiysi ham Reuters agentligi bilan suhbatda yurish maqsadi «bufer zona» tashkil etish bo‘lishi mumkinligi h aqida gapirgan. Agentlik suhbatdoshi rossiyalik harbiylar ukrain armiyasining oldingi pozitsiyalarini chegaradan o‘n kilometr masofaga ortga surishga harakat qilishini aytgan (ayni vaqtga kelib rossiyaliklar chegaradan bir kilometrga ichkari kirishgan). Zirhli texnikalar ko‘magida oldinga siljishga urinish mohiyatan yangi front ochilishidir, deya yozgan Reuters.

Rossiya Ukraina hududida «sanitar zona» tashkil etishi mumkinligi haqida mart oyida RF prezidenti Vladimir Putin ham aytib o‘tgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali ukrain harbiylari Rossiyaning chegaradosh rayonlarini o‘qqa tutishiga to‘sqinlik qilish mumkin.

Xarkiv oblastining chegara hududlari keng ko‘lamli bosqinning ilk davrida RF qo‘shinlari tomonidan bosib olingan, ammo 2022 yil kuziga kelib ukrain harbiylarining qarshi hujumi davomida ozod etilgandi. 2024 yilda «Meduza»ning «Rossiya elitasi»dagi manbalari yuqori martabali kuchishlatarlar Rossiya Xarkivni egallashga urinib ko‘radigan va shundan keyin «maxsus harbiy amaliyot»ni yakunlaydigan ssenariyni ko‘rib chiqayotganini aytishgandi. Ammo Rossiya qo‘mondonligi shunday qaror qabul qilgani to‘g‘risida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid