15:25 / 11.05.2024
8058

Iqtisodiy tengsizlikning kuchayishi O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish sur’atini sekinlashtirdi - Jahon banki

O‘zbekistonda 2022-2023 yillarda aholining 10 foiz eng kambag‘al qatlami daromadi atigi 6 foizga o‘sgan. O‘z navbatida, 10 foiz eng boy qatlamning daromadi 30 foizdan ko‘proqqa oshgan. Bu esa iqtisodiy tengsizlik muammosini yanada chuqurlashtirishi mumkin. 

Foto: AP

Jahon banki «O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish yo‘li: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari» blogini e’lon qildi.

«O‘zbekiston kambag‘allik darajasi bo‘yicha xalqaro miqyosda taqqoslanadigan hisob-kitoblarga ega bo‘lmagan kam sonli davlatlardan biri edi. O‘nlab yillar davomida mamlakat kambag‘allikni dunyoning boshqa mamlakatlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri taqqoslashga to‘sqinlik qiladigan tarzda o‘lchab keldi. Bu esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanchalik samarador ekanini tushunishni qiyinlashtirdi.

Biroq 2017 yildan boshlab, mamlakat Xalqaro taqqoslash dasturida ishtirok eta boshlagach, O‘zbekistonda kambag‘allikni o‘lchash tizimi qayta ko‘rib chiqildi. 2021 yilda Jahon banki ko‘magida qashshoqlikni o‘lchashning yangi metodologiyasi joriy qilindi va hukumat o‘z oldiga 2026 yilgacha kambag‘allik darajasini ikki baravar kamaytirishni maqsad qilib qo‘ydi», deya ta’kidlagan blog mualliflari.

O‘zbekistonda kambag‘allik sezilarli darajada qisqargan

O‘zbekistonda 2015-2022 yillarda kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqarib, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan. Xususan, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2015 yildagi 36 foizdan 2022 yilda 17 foizgacha pasaygan. Bu ko‘rsatkich Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi umumiy natijalarga nisbatan yaxshiroq. Ushbu davrda umumiy miqyosidagi ko‘rsatkich 13 foizdan 8 foizgacha kamaygan.

Uy xo‘jaliklari daromadining oshishi kambag‘allikni kamaytirishga yordam bergan

Blogda milliy kambag‘allik chegarasi (minimal iste’mol xarajatlari) asosida hisoblangan kambag‘allik darajasi 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizgacha pasaygani keltirilgan.

Jumladan, 2021-2023 yillarda qishloq joylarida 1,2 mln aholi (kambag‘allik darajasi 2021 yil – 19,8 foiz; 2023 yil – 12 foiz) va shaharlarda 400 ming (13,9 foiz; 10,1 foiz) aholi kambag‘allikdan chiqarilgan. Bunda qishloq joylarida kambag‘allikning qisqarishi shaharlarga nisbatan tezroq kechgan.

«Uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishi qashshoqlikni kamaytirishning asosiy omili bo‘ldi. Ish haqining o‘sishi kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarning 60 foizini tashkil etdi. Keyingi eng muhim omil ijtimoiy transfertlardir, chunki hukumat aholining ayrim guruhlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy dasturlarni modernizatsiya qildi va kengaytirdi. Shu bilan birga, pensiya ta’minotining yaxshilanishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi», deyiladi JB blogida.

Daromadlardagi tengsizlik darajasi kengaya boshlagan

Jahon banki ekspertlari tengsizlik darajasining ortib borayotganini qayd etgan. Bu esa qashshoqlik darajasini kamaytirish sur’atlarini sekinlashtirmoqda. Daromadlarning o‘sishi asosan aholining boy qatlamlari orasida yuz bergan.

2023 yilda Jini koeffitsiyenti 0,31 punktdan 0,35 punktgacha ko‘tarilgan. Natijada kambag‘allik darajasi 5,5 foiz foizga emas, balki 3,1 foizga kamaygan.

Jini koeffitsiyenti – daromadlar tengsizligining keng tarqalgan o‘lchovidir. Bu mamlakat bo‘yicha butun daromad taqsimotini 0 dan 1 gacha bo‘lgan yagona raqamga qisqartiradi: bu raqam qanchalik katta bo‘lsa, daromadlar tengsizligi darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi.

Qayd etilishicha, 2022-2023 yillarda aholining 10 foiz eng kambag‘al qatlamlari daromadi atigi 6 foizga o‘sgan, shu bilan birga 10 foiz eng boy qatlamning daromadi 30 foizdan ko‘proqqa oshgan. Shunday qilib, boy fuqarolar boylik darajasining yuqori o‘sish sur’atlari iqtisodiy tengsizlik muammosini chuqurlashtirmoqda.

«O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishning yuqori sur’atlarini saqlab qolish kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari daromadlarini oshirishni talab qiladi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, kambag‘al uy xo‘jaliklari bir qator muammolarga ega. Ularning ish topish ehtimoli kamroq, aksariyat holatlarda ma’lumot darajasi past va qaramog‘ida ko‘p odamlar bor. Uy xo‘jaliklari orasida bu o‘lchovlardagi tafovutlarni kamaytirish O‘zbekistonda o‘sib borayotgan tengsizlikni cheklash va qashshoqlikni yanada kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», deya xulosa qilgan xalqaro ekspertlar.

O‘zbekistondagi tengsizlikning oshib borayotgani sohalar va hududlar kesimida

Statistika agentligi har chorak yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib boradi.

Ushbu ma’lumotlar tahlil qilinsa, hududlar kesimidagi iqtisodiy farqlanish kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2020 yilda eng boy va eng kambag‘al hududlardagi (Toshkent/Surxondaryo) o‘rtacha ish haqidagi farq 74 foiz, 2021 yilda 85 foiz, 2022 yilda 2 barobar, 2023 yilda 2,1 barobar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,3 barobarga yetgan.

Sohalar kesimida oladigan bo‘lsak ham nisbatan daromadi yuqori tarmoqlarda ish haqining oshishi daromadi pastroq sohalarga nisbatan tezlashgan. Masalan, 2019-2023 yillar oralig‘ida moliya va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,77 barobarga ( 4,8 mln so‘mdan 13,8 mln so‘mga), axborot va aloqa sohasida 2,67 barobarga (3,9 mln so‘mdan 10,6 mln so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 95 foizni (1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga), ta’lim sohasida 69 foizni (1,8 mln so‘mdan 3,1 mln so‘mga) tashkil etgan. Ya’ni ta’lim yoki sog‘liqni saqlash sohasida ish haqi miqdorining oshishi boshqa sohalarga nisbatan sekin kechmoqda, bu esa ushbu tarmoqda mehnat qilayotganlarning yildan yilga boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib borishiga olib keladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda kambag‘allikning yangi o‘lchovi sifatida minimal iste’mol xarajatlari joriy qilingandi. Uning miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so‘m deb belgilangandi. Keyinchalik bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha, 2024 yilning yanvarida esa 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirildi. Joriy yilning 1 mayidan elektr energiyasi va gaz tariflarining qimmatlashayotgani fonida esa 648 ming so‘mga yetkazildi.

Top