15:12 / 14.05.2024
2343

Tanzila Norboyeva: Do‘stona hamkorligimiz va faol muloqotimiz Osiyo qit’asining millionlab ayollari hayotini yaxshilaydi

Osiyo xotin-qizlari forumida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.  

Mamlakatimizning bu sohalardagi muvaffaqiyatlari Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» yillik hisobotida qayd etilgan. Mamlakatimiz gender tengligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlatdan biriga aylandi.  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva gender tenglik siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va uni to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Gender strategiyasini qabul qilgani yutuqlar asosi bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi. 

– Islohotlarni samarali amalga oshirishda ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi muhim ahamiyat kasb etishi hammangizga ma’lum, – dedi T.Norboyeva. – Shu ma’noda, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli hamda ta’sirini keskin oshirishga alohida e’tibor qaratish zarur. Ayol rahbar kadrlarning yangi avlodini shakllantirishda, avvalo, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratdik. Bugungi kunda xotin-qizlarga ta’lim, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi.  

Albatta, davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan ishlashga ham alohida e’tibor berilmoqda.  

Bu borada respublikamizning har bir tuman va shaharida aholiga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordamlarni ko‘rsatuvchi “Inson” markazlari o‘z faoliyatini boshlagani ayni muddao bo‘ldi.  

Prezidentimiz tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirishga qaratilgan yana bir muhim hujjatni imzoladi. Bu yo‘nalishda “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar aholiga har bir mahalla darajasida ko‘rsatiladi.  

Buning uchun mahalla instituti, uning ishlash mexanizmlari ham takomillashtirildi. Har bir mahallada 7 nafardan shtat birliklari tashkil etilib, xotin-qizlar bilan ishlash alohida yo‘nalish sifatida ajratildi. Har bir mahallada xotin-qizlar bilan turli yo‘nalishlarda manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Tibbiy, psixologik, xuquqiy, kasbiy, ijtimoiy yordamlardan iborat kompleks chora-tadbirlar davlat budjetidan to‘liq qoplanishi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, inqiroz holatga tushgan ayollarga yordam ko‘rsatish uchun viloyat va tumanlarda Reabilitatsiya markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.  

– Forum kun tartibidan aynan yuqoridagi kabi dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan masalalar o‘rin olgan. Bu mavzular o‘ta dolzarb, dunyo mamlakatlarining kelajak taqdiri uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Forumda asos solayotgan do‘stona hamkorligimiz va faol muloqotlarimiz, albatta, Osiyo qit’asining millionlab ayollari hayotini yaxshilaydi, deb umid qilamiz, – dedi Senat Raisi.  

Mavzuga oid
Top