10:50 / 15.05.2024
3086

AQSh Xitoydan elektromobillar va boshqa tovarlarga bojlarni oshirdi

Xitoydan import qilinadigan 18 milliard dollarlik tovarlarga bojlar oshirildi. Oq uy buni ishchilar va kompaniyalarni XXRning «adolatsiz savdo amaliyoti»dan himoya qilish bilan izohladi.

Foto: Siim Lõvi /ERR

Qo‘shma Shtatlar «Amerika ishchilari va kompaniyalarini» Xitoyning «adolatsiz savdo amaliyoti»dan himoya qilish uchun Xitoydan 18 milliard dollarlik elektr transport vositalari, yarim o‘tkazgichlar va boshqa tovarlar importiga tariflarni oshirmoqda. Bu haqda Oq uyning 14 may, seshanba kuni chop etilgan press-relizida aytiladi

«Xitoyning texnologiya transferi, intellektual mulk va innovatsiyalar bilan bog‘liq adolatsiz savdo amaliyoti amerikalik biznes vakillari va ishchilarga tahdid solmoqda. Xitoy jahon bozorlarini sun’iy arzon narxlardagi eksport mahsulotlari bilan to‘ldirmoqda», - deb hisoblaydi Vashington. Ayni paytda, AQSh prezidenti Jo Baydenning iqtisodiy rejasi «Amerika iqtisodiy kelajagi va milliy xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan asosiy tarmoqlarga sarmoya va ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan», deya ta’kidlanadi ma’lumotda. 

Elektromobillar, akkumulyatorlar, quyosh panellari

Shu munosabat bilan Vashington Xitoydan import qilinadigan ayrim mahsulotlar, xususan, elektromobillar uchun bojlarni joriy yilda 25 foizdan 100 foizga; elektr transport vositalari uchun litiy-ionli akkumulyatorlar va bunday akkumulyatorlar uchun ehtiyot qismlar uchun - 7,5 foizdan 25 foizgacha; quyosh panellari va ular uchun ehtiyot qismlar uchun - 25 foizdan 50 foizgacha oshiradi. Bundan tashqari, Xitoydan ayrim po‘lat va alyuminiy mahsulotlari (0-7,5 foizdan 25 foizgacha), ba’zi muhim foydali qazilmalar (0 foizdan 25 foizgacha), kranlar (0 foizdan 25 foizgacha) va ba’zi tibbiy mahsulotlar (shprits, ignalarni o‘z ichiga olgan holda - 0 dan 50 foizgacha) importiga tariflar oshirilmoqda. 

2025 yilga borib yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha tarif stavkasi 25 foizdan 50 foizga ko‘tariladi. Bundan tashqari, 2026 yilgacha Xitoydan AQShga elektromobillar uchun mo‘ljallanmagan litiy-ionli akkumulyatorlarni olib kirish bojlari 7,5 foizdan 25 foizga ko‘tariladi.

AQSh Rossiyadan ham importni cheklamoqda 

14 may kuni prezident Jo Bayden Rossiyadan kam boyitilgan uran importini taqiqlovchi qonunni imzoladi. Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan aytishicha, bu «fuqaro yadroviy energetikasi bo‘yicha Rossiyaga qaramlikni kamaytirish va oxir-oqibat yo‘q qilish orqali» Qo‘shma Shtatlarning «energetika va iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlaydi». 

Aprel oyida AQSh va Britaniya Rossiyadan metallar - alyuminiy, mis va nikel importiga embargo qo‘ydi. Shundan so‘ng alyuminiy va nikelning birja narxlari 9 foizga ko‘tarildi. 

Top