07:36 / 15.05.2024
3932

Vashington Gurjiston hukumatini siyosiy kursni o‘zgartirishga chaqirdi

Qo‘shma Shtatlar «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi tufayli Gurjiston bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi mumkin, deya ma’lum qildi Oq uy. Tbilisidagi namoyishlarda yevropalik parlamentariylar so‘zga chiqdi.

Foto: Shakh Aivazov/AP/dpa/picture alliance

Oq uy Gurjiston rahbariyatini «Xorijiy ta’sirni cheklash to‘g‘risida»gi munozarali qonun qabul qilinishi bilan birga o‘tilgan fuqarolik jamiyatini cheklash bo‘yicha siyosiy kursdan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda 14 may, seshanba kuni AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Vedant Patel ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilik so‘rovlari shuni ko‘rsatadiki, Gurjiston fuqarolarining 80 foizi o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini xohlaydi, Gurjiston hukumati ham Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish va Shimoliy Atlantika alyansi bilan munosabatlarni yaxshilash istagini bildirgan. «Ushbu qonun kabi narsalar bu maqsadlarga mos kelmaydi», dedi Patel. 

O‘z navbatida, Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per, agar bahsli «Kreml uslubidagi» qonun qabul qilinsa, Vashington Gurjiston bilan munosabatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

«Gurjiston demokratiyasi uchun qora kun»

Gurjiston parlamenti tomonidan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi «Gurjiston demokratiyasi uchun qora kun», deyiladi Demokratik va Respublikachilar partiyasidan 11 nafar AQSh senatori, shu jumladan, Senat tashqi qo‘mitasi a’zolari tomonidan berilgan bayonotda. Ularga ko‘ra, «yuz minglab gurjistonliklar irodasini buzgan holda» qabul qilingan qonun so‘z erkinligini cheklash uchun qo‘llanadi va Gurjistonda demokratiya rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. 

Natijada, AQSh Kongressi Gurjistonga nisbatan siyosatini o‘zgartirishni ko‘rib chiqishi, bu «demokratiyaga putur yetkazganlarga qarshi sanksiyalar» hamda «AQShning to‘g‘ridan to‘g‘ri yordamini qayta ko‘rib chiqish»ni o‘z ichiga olishi mumkin, deyiladi senatorlar bayonotida. 

YeI parlamentariylari Gurjiston hukumati vakillari bilan uchrasha olmadi 

Shu kuni ertalab Tbilisiga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining bir qancha mamlakatlari parlament qo‘mitalarining tashqi ishlar bo‘yicha rahbarlari «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishiga keldi. Germaniya bundestagi deputati Mixael Rot namoyishchilarga murojaat qilib, yevropalik parlamentariylar Gurjiston hukumati vakillari bilan uchrasha olmayotganini aytdi. «Bugun kechqurun biz hammamiz gurjistonlikmiz!» – deb yozdi nemis siyosatchisi ijtimoiy tarmoqda. 

Rotning Chexiya parlamentidagi hamkasbi Pavel Fisher ham namoyishchilarga murojaat qilib, «agar bizni parlamentga kiritmasalar, bu yerga kelamiz», dedi. «Bugun biz parlamentga tashrif buyurishni xohladik, lekin bizni yopiq eshiklar bilan kutib olishdi, sizning vakillaringiz bizni qabul qilishmadi va tinglamadi», - deydi Fisher. 

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari 

Shu kuni ertalab Gurjiston parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Tanqidchilarning fikricha, Rossiyaning xuddi shunday qonunidan ko‘chirilgan hujjatga qarshi namoyishlar aprel oyida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi uni parlamentga qayta kiritganidan so‘ng boshlangan. 

Newsgeorgia internet nashri Gurjiston ombudsmani Levan Ioselianiga tayanib yozganidek, bir oylik namoyishlar davomida 160 ga yaqin namoyishchi hibsga olingan, o‘nlab namoyishchilar politsiya tomonidan kaltaklangan, ammo «birorta ham politsiyachining javobgarligi masalasi ko‘tarilmagan». 

Shu bilan birga, Gurjiston Maxsus tergov xizmati Tbilisidagi namoyishlar chog‘ida hibsga olinganidan so‘ng ko‘plab jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan, «Bosqinchilikka qarshi harakat» yetakchisi David Katsaravaga nisbatan politsiya kuch ishlatgani bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qildi. Gurjiston matbuotiga ko‘ra, faolning burni va yuz suyaklari singan va operatsiya qilingan. 

Top