10:02 / 18.05.2024
7793

Oilasidan qochib ketgan chechenistonlik Liya Zaurbekova Rossiyani tark etdi

19 yoshli qiz «Marem» loyihasining huquq himoyachilariga oilasida jismoniy va ruhiy bosimga uchraganini aytdi. U o‘z hayoti uchun xavfsiragan.

Qarindoshlari tomonidan ta’qibga uchragan va hayoti uchun xavfsiragan yosh chechenistonlik qiz Liya Zaurbekova Rossiyani tark etdi. 17 may, juma kuni 19 yoshli qizning xorijga jo‘nab ketgani haqidagi ma’lumotni Telegram’da Zaurbekovaning advokati Natalya Tixonova tasdiqladi

«Bilishimcha, hozir mening mijozim Liya Zaurbekova Rossiyada emas, boshqa tafsilotlar, jumladan, joylar, yo‘nalishlar va boshqalar menga noma’lum», — deb yozadi u. 

Qizning qarindoshlari tomonidan ta’qib qilinishi 

Avvalroq, 16 may kuni «Marem» inson huquqlari loyihasi Telegram’da chechenistonlik qiz 13 may kuni «qarindoshlari to‘liq nazorati ostida bo‘lgan» uydan chiqib ketgani haqida yozgan edi. Liya huquq himoyachilariga har kuni uyda jismoniy va ruhiy bosimni boshdan kechirayotganini, hayoti uchun xavfsirayotganini aytgan.

Xabar qilinishicha, 16 may kuni Zaurbekova Moskvada qarindoshlaridan qochib yashiringan uydan chiqqanida otasini ko‘rgan. U politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, Nagatino-Sadovniki tumanidagi politsiya bo‘limiga borgan. Biroq, uning qarindoshlari u yerda uni kutib turishgan. 

Politsiya bo‘limida qiz videomurojaat yozib, unda o‘z ixtiyori bilan uydan chiqib ketgani va bir necha kun Moskvada bo‘lganini ta’kidlagan, biroq ota-onasi uni voyaga yetmaganligi haqida yolg‘on ariza bilan politsiyaga murojaat qilib, topgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya bo‘limidan chiqqach, yaqinlari uni xavfsizlik kuchlari ko‘z o‘ngida tutib olishga uringan, shuning uchun binoga qaytib kirib ketgan. 

Zaurbekovaning qarindoshlari ichki ishlar bo‘limini o‘rab olib, huquq-tartibot xizmati xodimlaridan qizni berishni talab qilishgan. Xavfsizlik kuchlari bilan suhbatda ular «bu joyga Checheniston hukumati vakillari kelishiga va’da bergani», deb yozadi «Mediazona» internet nashri. 16 may kuni kechki payt «Marem» loyihasi Zaurbekova politsiya bo‘limidan chiqib, xavfsiz joyga ketayotgani haqida xabar berdi. 

Liya Zaurbekova ishi yuzasidan deputat Delimxonovning bayonoti 

Huquq himoyachilari Zaurbekovani o‘z xohishiga qarshi Chechenistonga olib ketmoqchi bo‘lishganidan xavfsiragan. Endi, «Marem» loyihasiga ko‘ra, qiz xavfsiz joyda. 

Liya Zaurbekova bilan bog‘liq vaziyat haqidagi xabarlar fonida Chechenistondan Davlat dumasi deputati Adam Delimxonov 17 mayga o‘tar kechasi Telegram’da Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ko‘rsatmasi bilan ishni shaxsan nazoratga olganini yozdi. «Biz Moskva huquq-tartibot idoralari va qizning qarindoshlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz - ular orasida tushunmovchilik yo‘q», dedi u. 

Delimxonovning so‘zlariga ko‘ra, Zaurbekova «adashgan» va uni bunga undagan shaxs «qonun darajasida munosib jazoga tortiladi». 

16 may kuni jurnalist Kseniya Sobchak o‘zining Telegram-kanalida Zaurbekova chechenistonlik bo‘lmagan yigit bilan tanishib qolgani haqida yozgan edi. «Bu uning ta’qib qilinishi bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi, hali aniq aytish imkonsiz», deyiladi postda. 

Mavzuga oid
Top