14:58 / 26.05.2024
9568

Mitsubishi Fuso’dan BharatBenz’gacha – Mercedes-Benz yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi nechta kompaniyaga egalik qiladi?

Bugun jahon iqtisodiyotini yuk avtomobillarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mahsulotlarning qariyb yarmi ular yordamida tashiladi. Shu sababli ham jahon bozorida turli hajmdagi yuk avtomobillariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. So‘nggi yillarda dunyoda 80 ga yaqin kompaniya har yili 4 mln dona atrofida turli hajmdagi yuk avtomobillarini ishlab chiqarmoqda.

Foto: Kun.uz

Agar avtosanoat tarixiga qaralsa, ilk yuk avtomobillari yengil avtomobillar bilan bir xil paytda tayyorlana boshlanganini ko‘rish mumkin.

Jumladan, 1896 yilda Gottlib Daymler birinchi yuk tashuvchi transportni yasab chiqadi. U dvigatel bilan jihozlangan tirkama ko‘rinishida bo‘lgan. Keyinchalik yengil yuk avtomobillari tayyorlana boshlanadi.

Dunyodagi birinchi og‘ir yuk avtomobili 1923 yilda Karl Bensning korxonasida tayyorlangan. U dizelda harakatlangan.

O‘sha paytlarda dunyo bo‘ylab yuklar asosan temiryo‘l va orqali va kemalarda tashilgan. Keyinchalik, ikkinchi jahon urushi arafasida yuk avtomobillari birmuncha ko‘paydi va turli mamlakatlarda yuklarning bir qismi ularda tashila boshlandi.

Yuk avtomobillarining mukammallashishi va ularda yuk tashishning ortishi Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlanadi. Talab ortgach turli kompaniyalar o‘zlari ishlab chiqarayotgan yuk avtomobillarini mukammallashtira boshlashadi.

Masalan, dvigatellar kabina ostiga joylashtiriladi. Bunda haydovchiga shovqin kamroq eshitiladigan bo‘ladi. Dvigatellar quvvati oshiriladi va natijada yuk avtomobillari ko‘proq yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Shuningdek, 1970-80 yillarga kelib kabinada haydovchi uchun qulayliklar qilinadi. Ixcham sovitkich, muzlatkich o‘rnatiladi. Yotoqxona qo‘shiladi.

Shunga yarasha dunyo iqtisodiyoti keskin rivojlanadi va natijada yuk avtomobillarida tashuvlar hajmi ortib boradi.

Hatto dunyoda juda ko‘p yuk orta oladigan super tankerlar va boshqa yirik kemalar qurila boshlaganda ham yuklarni yuk avtomobillarida tashish hajmi pasaymaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10-15 yilda dunyo bo‘ylab barcha yuklarning 40 foizi yuk avtomobillari orqali tashilmoqda.

Jumladan, 2022 va 2023 yillarda dunyo bo‘ylab yuklarning 41 foizi yuk avtomobillarida, 32 foizi kemalarda, 23 foizi temiryo‘llar orqali, 4 foizi havo transporti orqali tashilgan. Prognozlarga ko‘ra, keyingi 5-6 yilda ham bu ko‘rsatkichlar o‘zgarmaydi.

Yuk avtomobillarida yuk tashish hajmi mo‘’tadil turar ekan, ularni ishlab chiqarish ham ortib bormoqda. Bugun bu sohada dunyo bo‘ylab yuzga yaqin brendlar o‘rtasida keskin raqobat ketmoqda.

Quyida dunyodagi yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar haqida ma’lumot beramiz.

Daimler Group

Germaniyaning Daimler Group korporatsiyasi yuk avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu konsern tarkibidagi korxonalarda Mercedes-Benz, Western Star, Freightliner, Mitsubishi Fuso, Setra, Thomas Built Buses va BharatBenz nomlari ostida yuk avtomobillari tayyorlanadi.

Korporatsiya nomi 1998 yilgacha Daimler-Benz bo‘lgan, o‘sha yili DaimlerChrysler deb o‘zgartirilgan. U 2007 yilda Daimler AG, 2022 yildan boshlab Mercedes-Benz Group nomini olgan.

2021 yilda Mercedes-Benz korporatsiyasining yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi bo‘limi Daimler Truck nomi ostida alohida kompaniyaga aylantiriladi. Hozirda uning 35 foiz aksiyasi Mercedes-Benz Group’da, qolgani boshqalarda.

Bugungi kunda Daimler Truck kompaniyasining Shimoliy Amerika va Meksikada yuk mashinalari, tirkamalar va qurilish texnikalari ishlab chiqaruvchi 15 ta zavodi bor. Ularda asosan Freightliner, Western Star va Thomas Built Buses rusumlari tayyorlanadi.

Yevropa va Janubiy Amerikada Mercedes-Benz rusumidagi yuk avtomobillarini ishlab chiqaruvchi 9 ta zavodi bor. Osiyoda Mitsubishi Fuso Yaponiyada, BharatBenz Hindistonda ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, Xitoyda Foton rusumli yuk avtomobillarini tayyorlovchi Beijing Foton Daimler Automotive Co. Ltd kompaniyasida ham Daimler Truck hissador hisoblanadi. Kompaniyaning Indoneziyada ham yig‘uv korxonasi faoliyat yuritadi.

2023 yilda kompaniya korxonalarida turli brendlar ostida yarim million dona atrofida yuk avtomobillari ishlab chiqarilgan.

TATA Motors Limited

TATA Motors Limited – Hindistonning avtomobillar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi hisoblanadi. Uning yuk avtomobillar ishlab chiqaruvchi bo‘limi 1945 yilda tashkil etilgan.

Kompaniya avvaliga litsenziya asosida nemislarning Daimler AG kompaniyasi yuk avtomobillarini ishlab chiqargan. Keyinchalik o‘z rusumlarini tayyorlagan.

Hindlarning nemis kompaniyasi bilan hamkorligi uzoq yillardan buyon davom etib kelyapti. Hozirgi kunda kunda TATA Motors Limited’ning 10 foiz aksiyalariga Mercedes-Benz Group egalik qiladi.

So‘nggi yillarda bu kompaniya har yili qariyb 200 ming dona o‘rta va yirik yuk avtomobillarini ishlab chiqarib kelmoqda. Kompaniya tayyorlayotgan yuk avtomobillari dunyoning ko‘plab davlatlarida sotiladi.

Dongfeng

Xitoyning Dongfeng kompaniyasi 1969 yilda tashkil etilgan. Kompaniya harbiylar uchun yuk avtomobillari ishlab chiqargan. 1978 yildan boshlab oddiy yuk avtomobillari tayyorlay boshlagan.

1990-yillar boshlaridan kompaniya yengil avtomobillar ham ishlab chiqarishga o‘tgan.

Keyinchalik kompaniya yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi bo‘limini Dongfeng Trucks nomi ostida alohida qiladi. Dongfeng Trucks Shvetsiyaning Volvo kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etgan va hamkorlikda yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

Bugun kompaniya yuk avtomobillari Sharqiy Yevropa, Janubiy Amerika, Yaqin Sharq, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Afrika davlatlarida muvaffaqiyatli sotilmoqda.

Dongfeng Trucks ishlab chiqarayotgan yuk avtomobillari G‘arbning taniqli avtokompaniyalari tayyorlayotgan yuk avtomobillaridan qariyb ikki barobar arzon sotilmoqda. Sifat bo‘yicha esa raqobatchilardan qolishmaydi.

Narxlarning keskin arzonligiga asosiy sabab Xitoydagi arzon ishchi kuchi hisoblanadi. Dongfeng Trucks yuk avtomobillari uchun ishlatiladigan detallar ham raqobatchilarnikiga nisbatan arzonroq tayyorlanadi.

Dongfeng Trucks har yili o‘rtacha 150 mingdan oshiq yuk avtomobillari ishlab chiqarib sotadi.

Navistar International Corp

Navistar International Corporation 1902 yilda International Harvester nomi ostida tashkil etilgan va u International brendi ostida yuk mashinalari ishlab chiqargan.

U Navistar International Corporation nomini 1986 yilda olgan. 2016 yilda kompaniya Volkswagen Truck and Bus bo‘limi tarkibiga kirgan. O‘shandan buyon u Volkswagen Group’ning shu’ba korxonasi hisoblanadi.

Keyinchalik nemislar Volkswagen Truck and Bus’ning nomini Traton Group deb o‘zgartirishadi. Hozirda Navistar International Corporation’ning qariyb 20 foiz aksiyasiga Traton Group egalik qiladi.

Traton Group kompaniyasi Navistar International’dan tashqari MAN, Scania, Volkswagen Caminhões e Ônibus brendlariga ham egalik qiladi. Kompaniya har yili Navistar International brendi ostida 150 ming atrofida yuk avtomobillari ishlab chiqaradi.

Kompaniya o‘z avtomobillarini dunyo bo‘ylab sotadi. Ular ko‘proq AQSh, Kanada, Meksika, Janubiy Amerika, Avstraliyada ommaboproq hisoblanadi. Bundan tashqari, buyurtmalar asosida harbiylarga yuk avtomobillari tayyorlab beriladi.

Volvo Group

Shvetsiyaning Volvo Group konserni ham qariyb 100 yillik tarixga ega. U 1927 yilda tashkil etilgan. Aslida Volvo nomi savdo belgisi sifatida 1911 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 1915 yildan boshlab kompaniya avtomobillar uchun ehtiyot qismlar tayyorlay boshlagan.

Keyinchalik Volvo avtomobil ishlab chiqarishga qaror qiladi va 1927 yilda o‘zining ilk avtomobilini chiqaradi. Keyinchalik kompaniya yuk avtomobillarini ishlab chiqarishga ko‘proq urg‘u beradi.

O‘tgan yillar mobaynida Volvo Group bir nechta yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni o‘z tarkibiga qo‘shib oladi. So‘ng yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi bo‘limini Volvo Trucks Corporation deb alohida nomlaydi.

Jumladan, konsern bugungi kunda Volvo Penta, Amerikaning Mack, Rokbak Prevost, Fransiyaning Renault Trucks, Arquus, Kanadaning, Prevost va Nova Bus brendlarga egalik qiladi.

2021 yilda Volvo Trucks Corporation 122 ming 525 dona, 2022 yilda 145 ming 195 dona, 2023 yilda 150 ming donadan oshiq yuk avtomobillari ishlab chiqargan.

Jahonda sotilayotgan og‘ir yuk avtomobillarining (16 tonnadan oshiq yuk ko‘taradigan) 40 foizdan oshiqrog‘ini Volvo Trucks Corporation ishlab chiqaradi.

Kompaniya Yevropa yuk avtomobillari bozorining 40 foiz, Shimoliy Amerikada 25 foiz, Janubiy Amerikada 8 foiz, Osiyoda 20 foiz, Afrika va Okeaniyada 6 foizini egallaydi.

Hino Motors Limited

Hino Motors, Ltd. kompaniyasi tarixi ham 20-asrning birinchi yarmiga borib taqaladi. Kompaniya 1942 yilda tashkil etilgan. O‘shanda uning nomi Hino Heavy Industry Co., Ltd. bo‘lgan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng kompaniya o‘z nomidan Heavy – og‘ir so‘zini olib tashlaydi va kemalar uchun dvigatellar tayyorlovchi bo‘limini yopadi. So‘ng yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqarishga urg‘u beradi.

1948 yilda kompaniya nomiga “dizel” so‘zi qo‘shiladi va u Hino Diesel Industry Co., Ltd deb ataladi. 1953 yilda kompaniya Fransiyaning Renault kompaniyasiga tegishli yuk avtomobillarini litsenziya asosida ishlab chiqara boshlaydi.

Keyinroq Hino Toyota bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek o‘zining yuk avtomobillarini ham tayyorlaydi. Kompaniya nomi Hino Motors, Ltd. deb o‘zgartiriladi.

1997 yilda Toyota konserni Hino Motors, Ltd.’ning 16,4 foiz aksiyalariga egalik qilardi. 2001 yilda uning boshqaruv paketi Toyota’ga o‘tadi. Hozir ham unga Toyota egalik qilmoqda. Kompaniya yiliga o‘rtacha qariyb 150 ming dona yuk avtomobili ishlab chiqaradi.

Iveco

Yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida Iveco (Industrial Vehicles Corporation so‘zlarining qisqartmasi) ancha “yosh” hisoblanadi. Bu kompaniya 1975 yilda Italiyaning Turin shahrida Fiat tomonidan tashkil etilgan.

Boshqa kompaniyalardan farqli o‘laroq Iveco faqat yuk avtomobillari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

1980 yillarda ancha oyoqqa turib olgan bu kompaniya 1986 yilda Ford Motor Company’dan Britaniyadagi yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi bo‘limini, 1990 yilda Ispaniyaning ENASA kompaniyasidan Pegaso va uning Britaniyadagi Seddon Atkinson Group bo‘limini, 1992 yilda Avstraliyaning ITAL (International Truck of Australia Ltd) kompaniyalarini sotib oladi.

Kompaniya o‘zining ilk yuk avtomobili Iveco Daily’ni 1978 yildan boshlab ishlab chiqargan. 1992 yilda Iveco EuroCargo, 1993 yilda Iveco EuroTech yil avtomobili deb topiladi.

2000 yilda Iveco Daily yuk avtomobilining yangilangan rusumi “Yil furgoni” deb topiladi. 2013 yil Iveco kompaniyasini Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, bosh ofisi Londonda joylashgan CNH Industrial kompaniyasi sotib oladi.

Kompaniya har yili 150 ming atrofida yuk avtomobillari va yarim million dona dvigatellar ishlab chiqaradi. Kompaniyaning 19 ta davlatda 49 ta korxonasi bor. Ularda qariyb 40 ming xodim ishlaydi.

Bugun Iveco kompaniyasi Iveco, Iveco Motors, Iveco Magirus, Astra, Seddon Atkinson va Irisbus brendlariga egalik qiladi. Dunyo bo‘ylab kompaniyaning mingga yaqin dilerlik bo‘limlari bor.

PACCAR Inc.

PACCAR Inc. kompaniyasi 1905 yilda AQShning Sietl shahri yaqinida tashkil etilgan va u asosan poyezd vagonlari uchun jihozlar ishlab chiqargan. Kompaniya nomi Pacific Car & Foundry Company bo‘lgan.

1945 yilda kompaniya yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi Kenworth Motor Truck Corporation kompaniyasini sotib oladi. Yuk avtomobillari tayyorlashni boshlagach 1954 yilda Peterbilt Motors Company, 1958 yilda ekskavator va samosvallar ishlab chiqaruvchi Dart Truck Company kompaniyalari ham xarid qilinadi.

1971 yilda Pacific Car & Foundry Company nomining qisqartirilgan shaklida PACCAR Inc. holdingi tashkil etiladi. 1980 yilda xolding Britaniyada yuk avtomobillari ishlab chiqargan Fodens Ltd. kompaniyasini sotib oladi.

1995 yilda holding qariyb 300 mln dollar foyda ko‘radi. PACCAR Inc. 1996 yilda Niderlandiyaning DAF Trucks, Britaniyaning Leyland Trucks kompaniyalarini ham xarid qiladi.

Bugun Yevropada kompaniya yuk avtomobillari DAF, Shimoliy va Janubiy Amerikada esa Kenworth va Peterbilt brendlari ostida savdoga chiqariladi.

PACCAR Inc. Tarkibidagi kompaniyalar har yili o‘rtacha 150 ming dona atrofida yuk avtomobillari tayyorlab sotadi.

MAN

MAN ilk bor 1758 yilda Sander’sche Maschinenfabrik nomi ostida tashkil etilgan. O‘sha paytlarda u bosmaxonalar uchun uskunalar ishlab chiqargan. 1841 yilda kompaniya Maschinenfabrik Augsburg-Nürnberg AG deb atala boshlangan. 1908 yilda uning nomi qisqarib, MAN’ga aylangan.

Kompaniya yuk avtomobillar ishlab chiqarishni 1915 yilda boshlagan. 1921 yilda moliyaviy qiyinchiliklar tufayli MAN aksiyalarining nazorat paketi sotib yuboriladi.

MAN tog‘-kon sanoati uchun turli texnikalar tayyorlovchi GHH konserni tarkibiga o‘tgandan keyin ham yuk avtomobillari ishlab chiqarishda davom etadi.

1953 yilda Xitoyda yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaruvchi Jinhua Youngman Vehicle Co. Ltd. qo‘shma korxonasi tashkil etiladi. 1980-yillarda GHH konserni inqirozga uchraydi. Shunda MAN uning tarkibidan chiqadi. Kompaniyaning yangi egalari uni alohida hissadorlik jamiyatiga aylantirishadi.

2013 yilda MAN kompaniyasi Volkswagen AG konserni tarkibiga kiradi. Hozirda u 2015 yilda tuzilgan Volkswagen Truck & Bus kompaniyasining bir bo‘limi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 2009 yilda O‘zbekistonda ham MAN yuk avtomobillari, avtobuslar va boshqa maxsus texnikalar ishlab chiqaruvchi “JV MAN Auto-Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etilgan.

Bugun MAN kompaniyasi yuk avtomobillari va avtobuslardan tashqari turli maxsus texnikalar, yana Germaniya armiyasi uchun harbiy yuk avtomobillari ham tayyorlaydi.

Hozirda dunyo bo‘ylab MAN kompaniyasiga tegishli korxonalarda 50 mingdan oshiq odam mehnat qiladi. Ularning 30 mingdan oshig‘i Germaniyadagi zavodlarda ishlaydi.

2023 yilda kompaniya 120 ming atrofida yuk avtomobillari va ularning bazasida turli maxsus texnikalar ishlab chiqargan.

Scania

1900 yilda Angliyaning velosipedlar ishlab chiqaruvchi Humber kompaniyasi Shvetsiyaning Malme shahridagi Skone sanoat hududida Maskinfabriks-Aktiebolaget Scania bo‘limini ochadi.

1902 yilda Scania 1,5 tonna yuk ko‘tara oladigan birinchi yuk avtomobilini ishlab chiqaradi. 1906 yilda esa 3-3,5 tonna yuk ko‘tara oladigan avtomobil tayyorlanadi.

1911 yilda Scania o‘zining asosiy raqobatchisi Vabis (Vagnfabriks Aktie-Bolaget i Sëdertelge) kompaniyasi bilan birlashadi. Birinchi jahon urushi boshlangach kompaniya Shvetsiya armiyasi uchun yuk avtomobillar va boshqa texnikalar tayyorlab beradi.

Urushdan so‘ng yuk avtomobillariga talab pasayadi. Oqibatda 1921 yilda Scania-Vabis bankrot deb e’lon qilinadi. Uni Shvetsiyadagi banklardan biri sotib oladi va ishlar davom ettiriladi.

Ikkinchi jahon urushi paytida kompaniya yana Shvetsiya armiyasi uchun yuk avtomobillari, yengil tanklar, zirhli texnikalar tayyorlaydi.

Urushdan so‘ng Scania-Vabis yana yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqarishga o‘tadi. 1958 yilda kompaniyaga mashhurlik va muvaffaqiyat olib kelgan Scania L75 yuk avtomobili konveyerdan chiqadi. Keyinroq boshqa rusumdagi yuk avtomobillari ham chiqarila boshlanadi.

1969 yilda kompaniya nomi Scania-Vabis’dan Scania’ga aylanadi. Ko‘p o‘tmay Scania Shvetsiyaning yana bir kompaniyasi Saab Automobile AB bilan birlashadi va Saab-Scania konserni tuziladi.

1978 yildan kompaniya yuk avtomobillari kabinasiga konditsioner o‘rnata boshlaydi. 1995 yilda Saab-Scania konserni parchalandi va Scania alohida bo‘ladi.

2015 yilda Scania nemislarning Volkswagen Group konserni tarkibiga kiradi. Kompaniya paydo bo‘lganidan hozirgacha qariyb 1,5 mln dona yuk avtomobillari ishlab chiqargan. 2023 yilda esa 100 ming dona atrofida yuk avtomobillari tayyorlangan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top