Fan-texnika | 18:35 / 05.06.2024
20735
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Oyning orqa tomonidan tuproq olish jarayonini namoyish etdi 

Namunalar solingan kapsula Oy yuzasidan allaqachon uchgan va tez orada Yerga jo‘natiladi. 

Foto: SciNews

Xitoy kosmik agentligi (CNCA) Chan’e-6 missiyasi tomonidan Oyda olingan lavhalarni e’lon qildi. Qo‘nish platformasining bort kameralari Apollon krateri atrofidagi hududning tasvirlarini, shuningdek, tuproqdan namuna olish tartibini suratga oldi. Uskunalar bilan qo‘nish platformasi yon tomondan ham suratga olingan. Bu suratlar platformadan Oy yuzasiga tushgan mini-rover tomonidan olingan. 

CNCA ma’lumotlariga ko‘ra, tuproqdan namuna olish jarayoni odatdagidek davom etdi. Materialning bir qismi sirtdan olindi va burg‘i yordamida ikki metrgacha chuqurlikdan ham namunalar olindi. Hammasi bo‘lib 2 kilogrammga yaqin namuna to‘planishi kerak - aniq vazn kapsula Yerga kelganidan keyin ma’lum bo‘ladi. 

Namunalar konteynerlarga yuklangan, ular allaqachon uchish moduli yordamida Oy orbitasiga yuborilgan. Yuborilgan payt ham platforma kameralari tomonidan suratga olingan. Keyinchalik, modul xizmat ko‘rsatish platformasiga ulanadi va u bilan Yerga sayohat qiladi. Qurilmalar Oy orbitasida biroz vaqt aylanadi. Yerga qaytish 25 iyunga rejalashtirilgan. 

Chan’e-6 missiyasi profili bo‘yicha Chan’e-5 missiyasiga o‘xshaydi, uning doirasida tuproq namunalari Yerga muvaffaqiyatli yetkazilgan edi. Yangi loyihaning o‘ziga xos jihati uning Oyning orqa tomonidan namuna olishidir – bungacha hech kim buni amalga oshirmagan. Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun Xitoy Chan’e-6 bilan aloqani ta’minlash maqsadida retranslyator-sputnikni yuborgan. 

Apollon krateridan olingan tuproq olimlar uchun alohida qiziqish uyg‘otadi, chunki bu joyda meteorit zarbasidan keyin Oy mantiyasidan materiallar yuzaga chiqqani taxmin qilinadi. Agar shunday bo‘lsa, namunalar Yer tabiiy yo‘ldoshining kelib chiqishi va evolyutsiyasi haqida tushuncha berishi mumkin. Bundan tashqari, Xitoy Chan’e-6 missiyasidan kosmik obektlar yuzasida, ulardan uchish va orbitaga chiqishda murakkab jarayonlarni sinab ko‘rish uchun foydalanadi.

Mavzuga oid