Jahon | 10:21 / 07.06.2024
4706
3 daqiqa o‘qiladi

FT Ukraina energetikasining yarmi yo‘q qilingani haqida xabar berdi

Ukraina Energetika vazirligi Financial Times gazetasining Ukraina elektr stansiyalari quvvati yarmi yo‘q qilingani haqidagi ma’lumotlarini rad etdi. Bundan tashqari, aholi uchun tariflar ikki baravar oshirilgani haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri, deya ma’lum qildi idora.

Foto: Valentyn Ogirenko/REUTERS

Ukraina hukumati Britaniyaning Financial Times gazetasini Rossiya Ukraina energetika quvvati yarmidan ko‘pini yo‘q qilgani haqida xabar tarqatganlikda aybladi. Chorshanba, 5 iyun kuni Ukraina Energetika vazirligida e’lon qilingan materialda «axborot-psixologik operatsiya belgilari bor, u manipulyativ xarakterga ega va dushman pozitsiyasini targ‘ib qiladi», deyiladi.

Ukraina Energetika vazirligi: Maqola vahima tarqatishga qaratilgan 

Kiyevning ta’kidlashicha, jurnalistlar keltirgan anonim manbalar fikrlari ma’lumotlar ishonchliligiga shubha tug‘diradi va bu bayonotlar ukrainaliklar orasida «qo‘rquv va vahima tarqatishga qaratilgan». Boshqa narsalar qatorida, Ukraina Energetika vazirligi aholi uchun elektr energiyasi tariflari ikki barobar oshirilishi haqidagi ma’lumotni rad etdi. «Ukrainaliklar birlashishni va qiyinchiliklarni yengib o‘tishni biladigan xalq, energetika xodimlari Rossiya tomonidan vayron qilingan narsalarni qayta tiklamoqda, bu ukrainaliklarga yorug‘lik va iliqlik baxsh etadi», deb ishontirdi idora. 

Avvalroq Financial Times gazetasi Rossiya Ukraina elektr stansiyalarining quvvatlari yarmidan ko‘prog‘ini foydalanishdan chiqargani yoki egallab olgani, shu tariqa Ukrainaga to‘liq miqyosli hujum boshlanganidan beri eng katta elektr o‘chirilishini keltirib chiqargani haqida xabar bergan edi. 

2022 yil boshiga qadar Ukrainada mahalliy elektr energiyasi ishlab chiqarish taxminan 55 gVtni tashkil etdi, bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri edi. Bugungi kunga kelib, Ukrainada umumiy energiya ishlab chiqarish quvvati 20 gVtdan pastga tushdi, deya ta’kidlaydi gazeta. 

Shmixal: Rossiya Ukrainada 9 gVtdan ortiq elektrgeneratsiyasini yo‘q qildi

Shu bilan birga, Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal 4 iyun kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi Ukraina elektr stansiyasining 9 gVtdan ortiq umumiy quvvatini yo‘q qilganini aytdi. U «vaziyat juda og‘ir» ekanligini ta’kidladi va «Ukrenergo» kompaniyasi energiya tizimini tiklash va mustahkamlash uchun yana rejalashtirilgan elektr uzilishlariga murojaat qilishga majbur bo‘lganini eslatdi.

Shu bilan birga, u hukumat besh blokli energetika strategiyasini ishlab chiqqanini aytdi. Boshqa narsalar qatorida, gap havo mudofaasini kuchaytirish, shikastlangan uskunalarni ta’mirlash va energiya tizimini markazsizlashtirish, shuningdek, energiya samaradorligi va mas’uliyatli energiya iste’moli haqida bormoqda. 9 gVt Ukraina energetika tizimining 2014 yilgacha bo‘lgan quvvati oltidan biriga teng, deya qayd etadi dpa. 

Mavzuga oid