Jamiyat | 17:09 / 12.06.2024
11992
2 daqiqa o‘qiladi

Kripto-aktivlar bilan noqonuniy muomala qilgan yana bir yigit qamaldi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 20 yoshli yigit o‘z telefonida noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan. Unga telefonini musodara qilgan holda 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ochiq platformada e’lon qilingan sud qarorlariga ko‘ra, so‘nggi 1 haftada respublikada kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzishga doir o‘nga yaqin ish ko‘rilgan.

Foto: Pixabay

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi yigit noqonuniy ravishda kripto-aktivlar bilan muomala qilgani uchun ma’muriy jazoga tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud qarorida keltirilishicha, 2024 yil 20 may kuni Toshkent shahar IIBB ATSJQKB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro X.S. “Binance” platformasida “Milliy bola” nomi ostida Samsung Galaxy Not 10 telefon apparatidan foydalanib noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan.

Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar X.S. kripto-aktivlar aylanmasini qonunchilikda belgilangan tartibda oldi-sotdi qilish kerakligidan xabari yo‘qligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan jazo tayinlashda yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 10 iyundagi qaroriga ko‘ra, D.X. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 155-4-moddasi 1-qismida (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 3 kun ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Unga tegishli bo‘lgan va ashyoviy dalil sifatida olingan Samsung Galaxy Not 10 telefoni hamda bank plastik kartochkasi musodara etilib, tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilangan.

Oliy sudning interaktiv xizmatlari portalida e’lon qilingan sud qarorlariga ko‘ra, so‘nggi 1 haftada respublikada kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzishga doir yettita ish ko‘rilgan. Ularning ikkitasida huquqbuzarlarga nisbatan 6,8 mln so‘mdan jarima, qolganlariga ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.

Oldinroq Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisiga notkoin sotgan uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid