19:04 / 20.06.2024
8356

MIBdan 1,6 mlrd so‘m qarzi bor davlat tashkiloti 1 mlrd so‘mga ikkita BYD olmoqchi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Ma’muriy xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi 585 mln hamda 420 mln so‘mga ikkita mashina xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Ochiq manbalarga ko‘ra, muassasaning MIBdan 1,6 mlrd so‘mlik qarzi bor. Ushbu qarzdorlik quruvchi tashkilotga bajargan ishi uchun to‘lovni to‘liq amalga oshirmaganlikdan kelib chiqqan.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Ma’muriy xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi ikkita elektromobil xarid qilish uchun shartnoma imzoladi. Bu haqda davlat xaridlari portalida keltirilgan.

Muassasa tanlov g‘olib bo‘lgan MChJ bilan 2024 yil 7 iyun kuni mashinalar xaridi uchun ikkita shartnoma tuzgan. Shartnomalar qiymati 585 mln so‘m hamda 420 mln so‘mga teng. Keltirilgan texnik shartlardan mashinalar BYD ekanini taxmin qilish mumkin.

Ochiq manbalarda keltirilishicha, 1 mlrd so‘mga ikkita mashina xarid qilayotgan mazkur davlat tashkilotining MIBdan 1 mlrd 649 mln so‘m qarzdorligi bor. 

Ushbu qarzdorlik “Sifat Invest Stroy” MChJdan yuzaga kelgan. “Ma’muriy xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi qurilish firmasiga amalga oshirgan qurilish ishlari uchun o‘zaro tuzilgan shartnomaga asosan to‘lovlarni to‘liq to‘lab bermagan.    

2024 yilning 10 iyun kuni MIB Yashnobod tumani davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha qaror qabul qilingan hamda qarzdorlikni ixtiyoriy qoplash uchun “Ma’muriy xo‘jalik xizmati” davlat muassasasiga 10 kunlik muddat belgilangan. Ammo muassasa hozirgacha qarzdorlikni qoplamagan.

Top